BMT Suriya maktablari va shifoxonalariga hujumlar to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi

Jahon 17:56 / 15.09.2016 5710

Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kiritilgach, shifoxonalar va maktablarga hujumlar ro‘y bermagan va kun davomida tinch aholi vakillarining qurbon bo‘lishi bilan bog‘liq holat qayd etilmagan. Bu haqda jurnalistlarga BMTning Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili yordamchisi Yan Egelann ma'lum qilgan.

"Yaxshi yangiliklar ham bor, bizning hududlardagi kishilarimiz harbiy harakatlar to‘xtatilganini tasdiqlashmoqda. Qotilliklar sezilarli darajada kamaygan. Keyingi 24 soat davomida tinch aholi vakili halok bo‘lishiga aloqador bironta holat sodir etilmagan. Maktablar va shifoxonalarga hujumlar to‘xtagan", degan u.

Egelanning qo‘shimcha qilishicha, yomon xabarlar ham bor bo‘lib, BMT va hamkorlar insonparvarlik yordamlari yetkazib berish uchun "imkoniyatlar darichasi"dan foydalana olmayapti.

U insonparvarlik yordamlari ortilgan yuk mashinalari ikki kundan buyon Suriya bilan chegarada kutib turgani va Damashq ruxsat berishi bilanoq Suriyadagi shaharlarga yo‘l olishga tayyorligini aytib o‘tgan.

O‘z navbatida BMTning Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura Damashq 6 sentabr kuniyoq bu borada ruxsat berishi kerak bo‘lgani, ammo shu vaqtgacha "bu qog‘oz yetib kelmagani" haqida bildirgan.

"Bizning hafsalamiz pir bo‘lmoqdami? Albatta, biz juda qattiq xafamiz… Bugun majlisda o‘tirgan Rossiyaning Suriyadagi insonparvarlik masalalari bo‘yicha katta guruhi vakillari ham xafa. Ruxsat berilgan maktub yetib kelmayapti. Biz tezroq harakatlanishimiz va Kastello yo‘liga maxsus maqom berilishiga erishishimiz kerak", — degan de Mistura.

U shu bilan birgalikda Turkiya o‘z hududi orqali Suriyaga insonparvarlik yordamlari yetkazib berilishida zarur barcha sharoitlarni yaratib bergani haqida e'tirof etib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: