BMT neft quvuri qurilishidan norozi AQSh hindularini qo‘llab-quvvatladi

Iqtisodiyot 11:26 / 01.09.2016 7337

BMTning tub xalqlar masalalari bo‘yicha doimiy forumi Amerikada 3,6 milliard dollar qiymatga ega neft quvuri qurilishiga halaqit berishga urinayotgan Dakota shtatida yashovchi siu hindularini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqida mahalliy OAV ma'lum qildi. 

Gap shundaki, magistral maydoni siu qabilalaridan birining yerlaridan o‘tadi, hukumat esa hindular roziligisiz loyihani amalga oshirishni boshlab yubordi. 

BMT shtab-kvartirasida tarqatilgan ma'lumotda aytilishicha, forum raisi Alvaro Esteban Pop Ak AQSh hukumatini tub xalq vakillari bilan hamkorlikda “ushbu jiddiy masalani hal qilish uchun adolatli, mustaqil va ochiq jarayon”ni tashkillashtirishga chaqirdi, shuningdek “zo‘ravonlik va inson huquqlarini buzishga yo‘l qo‘ymaslik”ka chorladi.  

Forum rahbariyati AQShning harakatlari BMTning tub xalqlar huquqlariga oid Deklaratsiyasiga zid ekanligini ta'kidladi. Hujjatdagi 19-modda davlatlarni “qonuniy yoki ma'muriy choralarni qo‘llashdan avval” tub xalq vakillari bilan o‘zaro maslahatlashish va hamkorlik qilishga chaqiradi. 

3,6 milliard dollar sarflash rejalashtirilgan Dakota Access Pipeline quvuri Shimoliy Dakotadan Illinoysga neft yetkazib beradi. Loyihaga ko‘ra, magistral Missuri daryosini Shimoliy va Janubiy Dakota chegarasidagi siu yerlari yonidan kesib o‘tishi kerak. BMT forumi vakillarining ma'lum qilishlaricha, neft quvuri “siular va Missuri daryo oqimi bo‘ylab pastki hududda yashovchi millionlab kishilarning nafaqat ichimlik suvi va xavfsizligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi”, balki arxeologik, tarixiy va muqaddas qadamjolarning buzilishiga ham olib keladi. 

Siu vakillari loyihani tasdiqlagan AQSh armiyasining muhandislik bo‘limi ustidan federal sudga shikoyat qilgan. Mazkur ish yuzasidan 9 sentabr kuni qaror chiqariladi. 

Neft quvurining qurilishiga hindulardan tashqari qarshilik qilayotganlar talaygina. Ayova shtatida bu loyiha qurilishiga qarshi chiqayotgan 100 kishi ishtirokidagi miting bo‘lib o‘tdi. 

Ko‘proq yangiliklar: