Bundesligada yangi mavsum boshlanmoqda. "Bavariya" va "Borussiya" chempionlik uchun asosiy da'vogarlar

Sport 16:43 / 26.08.2016 5477

Futbol bo‘yicha Germaniya chempionati bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:30da "Bavariya" hamda "Verder" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv orqali start oladi. "Bavariya" har galgidek mavsum arafasida g‘oliblik uchun asosiy da'vogar, bu jamoaga yozgi transferlar vaqtida 100 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan va o‘nga yaqin futbolchi sotib olgan "Borussiya" asosiy raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.

"Bavariya" o‘tgan mavsumda qatorasiga to‘rtinchi marta bundesliga chempioni bo‘ldi (umumiy hisobda 26-marta). Myunxenliklar ikkinchi o‘rindagi "Borussiya"ni 10 ochkoga ortda qoldirdi, lekin YeChLda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xosep Gvardiola jamoaga aynan YeChLda g‘olib bo‘lish uchun taklif etilgandi, lekin murabbiy buning uddasidan chiqa olmadi, mavsum yarmida u "Manchester Siti"ga yo‘l olishi ma'lum bo‘ldi. Uning o‘rniga italiyalik tajribali mutaxassis Karlo Anchelotti taklif etildi. Endi unga ham jamoani Yevropa miqyosida sovrindosh etish vazifasi qo‘yiladi.

Jamoa yozgi transferlar vaqtida asosiy raqobatchi "Borussiya" sardori, himoyachi Mats Hummels 35 mln yevro sarflab sotib olindi. Yana shuncha mablag‘ "Benfika"dan 19 yoshli portugaliyalik Renato Sancheshni sotib olish uchun sarflandi.

"Borussiya" esa Hummelsdan tashqari Genrix Mxitaryan va Ilkay Gundogan bilan xayrlashdi va bu transferlar orqali 110 mln yevro ishlab oldi. Lekin transferlardan olingan mablag‘ning deyarli barchasi yangi futbolchilar uchun sarflandi, jami 8 nafar futbolchi sotib olindi. Xususan, "Bavariya"dan Mario Gyottse hamda Sebastyan Rode, "Volfsburg"dan Andre Shyurrle jalb etildi.

Bundesliga yulduzlari Angliyaga yo‘l oldi
Germaniya chempionati Yevropaning kuchli chempionatlaridan biri sifatidagi maqomini saqlab qolayotgan bo‘lsada, bu chempionat vakillari Angliya va Ispaniyaga yo‘l olishdan to‘xtayotgani yo‘q. Yozda bundesligadagi 3ta asosiy transfer Germaniya-Angliya yo‘nalishida bo‘ldi: avvaliga "Borussiya" M yarim himoyachisi Granit Chaka "Arsenal"ga o‘tdi, keyinroq "Borussiya" D jamoasining armanistonlik futbolchisi "MYu" a'zosiga aylandi, Leroy Sane esa "Shalke"ni "Manchester Siti"ga almashtirdi.

Chempionlik poygasida Myunxen va Dortmund jamoalariga "Bayyer" va Menxengladbaxning "Borussiya" jamoalari ham raqobat qilishi kutilmoqda. "Bayyer" mavsum arafasida "Dinamo" Kiyevdan avstriyalik himoyachi Aleksandr Dragovichni sotib oldi.

Germaniya chempionatining bu mavsumida ham 18ta jamoa ishtirok etadi. Bular: "Bavariya" (Myunxen), "Borussiya" (Dortmund), "Bayyer" (Leverkuzen), "Borussiya" (Menxengladbax), "Shalke" (Gelzenkirxen), "Maynts", "Gerta" (Berlin), "Volfsburg", "Keln", "Hamburg", "Ingolshtadt", "Augsburg", "Verder" (Bremen), "Darmshtadt", "Hoffenxaym", "Ayntraxt" (Frankfurt-Mayn), "Frayburg" va "Leyptsig".

Mavsum ilk marta "Shtutgart" jamoasiz o‘tadi. 1992 va 2007 yillarda mamlakat chempioni bo‘lgan bu jamoa o‘tgan mavsum yakunida keyingi 40 yil ichida ilk marta yuqori divizionni tark etgandi.

Germaniyada ilk chempion, 1903 yilda aniqlangan, o‘shanda yangi mavsum debyutanti "Leyptsig" chempion bo‘lgandi. 1963 yilda esa GFRda bundesliga tashkil qilindi. Shu vaqtgacha "Bavariya" 26 marta, "Nyurnberg" 9 marta (oxirgi safar 1969 yilda), "Borussiya" D 8 marta "Shalke" 7 marta chempion bo‘ldi.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: