Toshkentlik nurlisiymo ayol haqida xotira

Jamiyat 19:45 / 07.08.2016 12706

“Yaxshilik nur keltirar, yomonlik — zulmat”, deganlaridek ayrim insonlarning qilgan yaxshiliklari bir umr yodimizdan ko‘tarilmaydi. Tanishim Rustam aka Zuhra xola haqida yozishimni iltimos qildi va ular haqida gapirib berdi...

“Zuhra xola vafot etibdi”, degan shumxabarni eshitgan inson zoti borki, ularnikiga oshiqdi. “Essiz, shunday jannati ayol ham o‘ladimi”, deya hatto erkaklar ham ko‘z yoshi qilib olishdi. So‘ngra Zuhra xolani so‘nggi manzilga qo‘yib kelishdi, ammo bu xonadonga haligacha ayani eslab, uzoq-uzoqlardan odamlar kelib turishadi. Buni men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganligim uchun aytayapman. 

Zuhra xola poytaxtimizning Yunusobod tumani, Abdurahmon Jomiy mahallasida yashardi. Ayaning olamdan o‘tganini eshitib, Qoraqalpog‘istonning Mang‘it tumanidan kelishga imkonim bo‘lmagandi. Kech bo‘lsa-da, ularning ruhi poklariga Qur'on tilovat qilib ketay, deya bu xonadonga bosh urdim. Zuhra xolaning qilgan yaxshiliklari, biz musofirlarga qilgan onalarcha mehribonliklari, g‘amxo‘rliklari esimga tushib ketdi...

O‘shanda biz o‘ntacha yigit Po‘lat va Farhod aka brigardirligida ish izlab, Toshkentga keldik. Bizlar uy qurilishi bilan shug‘ullanardik.

Kunlarning birida bizga olijanob inson uchradi. Unikida uch yil mehnat qildik. Ularning devor-darmiyon qo‘shnisi Zuhra xola bu yerga kelgan kunimizning ertasigayoq bir tog‘ora osh damlab chiqib, bizlarni lol qoldirgandi.

“Ukalarim, bolalarim, sizlar ham mening farzandlarimdek insonsizlar. Yo‘q demasdan mana shu palovni yeb olinglar. Axir hamma joyda ham musofirning haqi bo‘ladi. Menga esa savob kerak. Uyalmanglar, yenglar. Ko‘ra bila turib, musofirlarga bir tovoq osh berolmasam, nima qilib yuribman bu dunyoda?”, dedi.

Farishtadek bo‘lib turgan bu ayolning gaplarini eshitib, ko‘zlarimizdan yosh tirqirab ketdi. Chunki bizlarni ham inson deb qadrlaydigan odamlar, onalar borligiga iymon keltirdik. Zuhra xola tog‘orasini so‘riga qo‘yib ketgach, barchamiz ishtaha bilan yeng shimarib, ularni duo qilib, palovni paqqos tushirdik.

Shundan so‘ng ham Zuhra xola har kuni bizlarga nimalarnidir ilinib olib chiqadigan bo‘ldi. Bizlar bu ayolni xuddi onamizdek yaxshi ko‘rib qoldik.

Kuz faslida Zuhra xolaning darvozasi oldiga ekilgan yong‘og‘i pishdi. Bizning yigitlarimiz shu yong‘oqqa ahyon-ahyonda qo‘l cho‘zadigan bo‘lishdi. 
Bir kuni xola bizning oldimizga ikki chelak yong‘oqni “Yenglar, quvvat bo‘ladi”, deb tashlab ketdi. Yong‘oq o‘g‘irlaganimizda xijolat bo‘lib, xolaning ko‘zlariga ancha vaqtgacha qaray olmadik. 

Bir kuni oramizdagi sho‘x-shaddodgina yigitimiz Ulug‘bek Zuhra xolaning hovlisida g‘arq bo‘lib pishgan, sap-sariq tillodek tovlanib turgan xurmosiga havasi kelibdi. Xoladan so‘rab olishga iymanib, o‘zicha “Hech kim ko‘rmaydi. To‘rt-beshtasini olsam nima qilibdi? Kamayib qolarmidi?”, deb o‘ylabdi-da, sekin tomdan oshib, xurmo daraxtiga chiqibdi.

Buni bexosdan Zuhra xola ko‘rib qolibdi. Biroq indamabdi. Ulug‘bek shosha-pisha qo‘yniga besh-o‘nta xurmoni solib, yana tomga chiqib ketibdi. 

O‘sha kuni biz Ulug‘bekni rosa koyidik. U bo‘lsa nuqul “Nima qilibdi? Axir meni hech kim ko‘rmadiku?”, deya bizdan ranjidi.

Ertasi kuni Zuhra xola ikki chelak xurmo ko‘tarib chiqdi. Hayron bo‘ldik.

— Ukalarim, bolalarim, mana shu xurmoni yenglar. Xohlasangiz, uylaringga ham bervoringlar. Men mingdan-ming roziman. Kecha deraza yonida xayol surib o‘tirgandim. Bir yigitlaringni xurmoga osilayotganini ko‘rdim. Hovliga chiqsam, u meni ko‘rib qolib, qochaman, deya shoshilib, daraxtdan qulab tushib, biror joyi lat yemasin, deya o‘rnimdan turmadim. Ichimda “Ey Xudo, shu yigit xurmodan yiqilib tushmasin, biror joyi sinmasin”, deya iltijo qildim. Xayriyat yigitcha epchilgina ekan, bir amallab yana tomga chiqib ketdi. Keyin o‘ylanib qoldim. Ertaga yana ularning xurmo yegisi kelib qolsa, daraxtga chiqsa, yiqilib tushib, biror joyi sinmasin. Shuning uchun o‘zim vaqtliroq ularga xurmoni bera qolay, deya tongda bolalarimga aytib, uni uzdirdim. Mana endi ko‘nglim xotirjam bo‘ldi, — deya Zuhra xola bizni yana lol qoldirib, uyiga chiqib ketdi.

Men Toshkentga kelib, Zuhra xoladek jannati ayolni bir marotaba uchratdim. Bunday ayolga boshim yerga tekkuncha ta'zim qilaman. Iloyo joylari jannatdan bo‘lib, qabrlari nurga to‘lsin. Donishmandlarimiz “Mol va boylikning umri qisqa, tezda zavol topadi, ammo yaxshi nom uzoq asrlar o‘lmay yashaydi” degan ekan. Bizning Zuhra xolamiz ham dilimizda hamon yashaydi. Aya doimo bizga

“Qaniydi, juma kuni parvardigorning omonatini topshirsam”, derdi.
Bu gapga farishtalar “omin” deyishgan ekan chog‘i, Zuhra xolamiz juma kuni olamdan o‘tdi.

Mashoyixlarimiz bejizga “Sen “yaxshi” degan nomdan imorat tiklashga urin, to odamlar bu imorat devoriga nomingni “Yaxshi“ deb yozib qo‘yishsin” deyishmagan.

Zuhra xolam allaqachonoq bunday imoratni qad ko‘targan zotlardan biridir. Bugungi kunda ularning bunday olijanob ishlarini o‘g‘li Shoyusuf aka davom ettirayapti.

Xonbibi HIMMAT qizi

Ko‘proq yangiliklar: