Islom diniga e'tiqod qiluvchi amerikalik qilichboz ayolning ma'lum qilishicha, mamlakatdagi aksilmusulmon kayfiyat tufayli u o‘zini xavfsiz muhitda his qilmayapti. Bu haqida Independent nashri ma'lum qildi.
30 yoshli Ibtihoj Muhammad hozirda Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o‘yinlarida qilichbozlik bo‘yicha AQSh davlati nomidan ishtirok etmoqda. U dunyo miqyosida 8-o‘rinni egallaydi. Ibtihoj 2012 yilda qo‘lidagi jarohati sabab Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida sog‘liq va xavfsizlik masalalariga ko‘p to‘xtalib o‘tildi, bunga javoban Muhammad AQShda ham o‘zini xavfsiz his qilmasligini aytdi.
"Men o‘zimni har doim xavf ostida deb hisoblayman. Meni ketimdan kuzatib, politsiyaga xabar berishgacha borishgan", - dedi u Daily Beast nashriga. "Nyu-Yorkda 7- va 28-sanalarda shunday bo‘ldi".
"Odamlar meni qandaydir yangilik sifatida qabul qilmasliklarini istardim. Men shunchaki hijob o‘ragan muslima ayolman", - deydi sportchi.
Nyu-Jyersida tavallud topgan sportchi Amerikada mana shunday munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta'kidladi.
"Insonlar atrofda sodir bo‘layotgan voqealar bizga qanchalik qiyinchilik tug‘dirayotganini bilishlarini istardim, chunki ular biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan hodisalarga yaqin ham kelishmagan. Biz davlat sifatida o‘zgarishimiz kerak va buning uchun hozir qulay fursat kelganligini his qilyapman", - dedi u.