Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburgdagi muzokaralar ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochishini aytdi.
Erdo‘g‘an 9 avgustda Rossiyaga kelishi oldidan TASS axborot agentligi bosh direktori birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanga intervyu berdi.
"Bu tarixiy tashrif bo‘ladi, yangi boshlanish. Men do‘stim Vladimir bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga ishonaman. Bizning davlatlar birgalikda ko‘p ish qilishi kerak bo‘ladi", deb aytdi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Suriyadagi vaziyatni tartibga solishda Rossiyaning ishtiroki muhimdir.
"Rossiya ishtirokisiz Suriya muammosining yechimini topib bo‘lmaydi. Faqatgina Rossiya bilan hamkorlikda biz Suriyadagi ixtilofni tartibga solishimiz mumkin", deb aytdi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘anning intervyusi to‘liq TASS axborot agentligi saytida chop etiladi va "Rossiya 24" telekanalida namoyish qilinadi.