WSJ: Bryussel va Parij teraktlari ijrochilari Belgiyadan ijtimoiy ta'minot olib turgan

Jahon 11:30 / 05.08.2016 3724

Parij va Bryusseldagi terakt ijrochilaridan kamida 5 nafari Belgiya hukumatidan ijtimoiy muhofaza mablag‘larini olib turishgan. Bu haqda The Wall Street Journal xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, ularga to‘langan jami mablag‘ miqdori 50 ming yevro bo‘lgan. Aniqlik kirtilishicha, terrorchilar hisobiga oxirgi marta terakt sodir etilishidan 3 hafta oldin pul o‘tkazilgan.

Parij teraktlari tashkilotchiligida ayblangan Saloh Abdislom Belgiya hukumatidan jami 21 ming yevro olgan. Qayd etilishicha, u  barga egalik qilgan va shu tufayli ijtimoiy himoya olishga haqli bo‘lmagan.

Belgiya moliya razvedkasi rahbari Filipp de Kosterning aytishicha, to‘langan bu mablag‘lar terrorchilar tomonidan teraktlar tashkil etish uchun sarflanganiga dalil mavjud emas, lekin ular doimiy ravishda «terrorizmni qo‘llab-quvvatlagan».

Hukumat baholashicha, Parijdagi teraktlar uchun terrorchilar 30 ming yevro xarajat qilishgan. Bryusseldagi xunrezliklar uchun 3 ming yevro sarflangan.

2015 yilning 13 noyabrida Parijda va shahar yaqinidagi Sen-Deni tumani hududida davomli teraktlar sodir etildi. Natijada 130 kishi halok bo‘lib, 350dan ortiq kishi jarohatlandi. Teraktlar tashkilotchiligida ayblangan Saloh Abdislom 18 mart kuni Belgiyaning Molenbek kommunasida qo‘lga olindi. Ayni vaqtda u Fransiyadagi Fleri-Meroji qamoqxonasida saqlanmoqda.

22 mart kuni Belgiyadagi xalqaro aeroportda portlashlar sodir etildi. Shuningdek, "Malbek" metrosida portlash yuz berdi. Bu terakt oqibatida 32 kishi halok bo‘lib, 300dan ortiq kishi jarohatlandi.

O‘tgan haftada Belgiya politsiyasi terakt tayyorlashda gumon qilib 2 kishini qo‘lga olgandi.

Ko‘proq yangiliklar: