Amerika mulozimlari turk muxolifatchisi va imomi Fathulloh Gulenni Turkiyaga topshirishni istamayapti, deb xabar qilmoqda Wall Street Journal gazetasi. Nashrning yozishicha, rasmiy Anqara tomonidan taqdim etilgan, Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishni tashkil etishda ayblanayotgan Gulenning aybini isbotlovchi dalillar, Amerika hukumati fikricha yetarli emas.
Nashrga ko‘ra, Turkiya va AQSh rasmiylari Gulenning ekstraditsiyasiga bog‘liq turli holatlarni shaxsiy tartibda muhokama etmoqda. Biroq, hozircha Anqara Amerikani ishontira olgani yo‘q.
Nashr manbalarining ma'lum qilishicha, Turkiya prezidenti va bosh vaziri rahbarligidagi Turkiya hukumati Gulenning davlat to‘ntarishiga aloqasini qanchalik ko‘p gapirsa, uning ekstraditsiyasiga oid ehtimollar shunchalik kamayib boraveradi. Anqaraning bayonotlari, imomning ishi adolatli ko‘rib chiqilishi borasida shubha va gumonlarni paydo qilmoqda.
Gazetaning ta'kidlashicha, hozircha ushbu masala yuzasidan so‘nggi qaror qabul qilinmagan, muzokaralar esa bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.
Wall Street Journal nashrining ayrim suhbatdoshlariga ko‘ra, ular Gulenning Anqaraga topshirilishiga oid sababni tasavvur ham qila olmaydi.