Turk deputati: Anqara Gulen ishi bo‘yicha 85 quti hujjatni AQShga topshirdi

Jahon 11:52 / 05.08.2016 7387

Turkiya hukumati muxolifatchi Fathulloh Gulenning 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga aloqadorligini tasdiqlovchi 85 qutiga joylangan hujjatlar to‘plamini AQShga topshirgan. Bu haqda, 4-avgust kuni Nyu Yorkda, Turkiya parlamentining Milliy harakat partiyasidan a'zosi Kamil Aydin ma'lum qilgan. 

U, AQShga Amerikaning turli ma'muriyatlari bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida kelgan Turkiya parlament delegatsiyasi tarkibida tashrif buyurgan. Ular, Gulenning tezroq topshirilishiga erishish niyatida. Aydin Turkiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasida qilgan chiqishida aytishicha, Amerika va turk tomoni Gulenning ekstraditsiyasi masalasi yuzasidan aloqalarni davom ettiradi. 

O‘z navbatida, Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, parlamentning tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Taxa Ozxanning ta'kidlashicha, AQShning rasmiy shaxslari bilan uchrashuv yakunlari, "voqealarning ijobiy rivojlanishiga" umid uyg‘otadi. 

"Biz, Adliya, Milliy xavfsizlik, Davlat departamentlari va Pentagonda bo‘ldik – ularning barchasi hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirishdi. Ular yuzaga kelgan vaziyatdan yaxshi xabardor", - degan siyosatchi. 

Taxa Ozxan shuningdek, mabodo Amerika tomoni Gulenni topshirmaydigan bo‘lsa ham, AQShning Injirlik harbiy bazasidan foydalanishiga barham berilmasligini ta'kidlagan. Uning aytishicha, bu mavzudagi barcha fikrlar OAVning "asossiz xabarlari bo‘lib", Turkiyaning NATO tarkibidan chiqishi to‘g‘risidagi axborotlar ham muhokama qilishga arzimaydigan bo‘htondir. 

"Turkiya hech qachon bunday arzon taktik amaliyotlarga qo‘l urmagan", - degan deputat Turkiyaning BMTdagi vakolatxonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara bu kabi keskin choralar ko‘rishi uchun "ko‘plab jiddiy hodisalar" ro‘y berishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: