Markaziy Osiyoning 5 davlati tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibi 3 avgustda Vashingtonda o‘tgan "S5+1" formatidagi yig‘ilishda AQSh 15 mln dollar ajratadigan 5 ta loyihani boshlash haqida kelishib oldilar. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Xavfsizlikni yaxshilash, iqtisodiy hamkorlikka ko‘mak berish, iqlim o‘zgarishlariga barqarorlikni oshirish bo‘yicha hududiy loyihalarni ishlab chiqish qarori vazirlarning o‘tgan yil noyabrda Samarqanddagi uchrashuvida qabul qilingandi.
"C5+1" formati o‘zidan Markaziy Osiyoning 5 ta davlati va AQShni o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilish uchun birlashtiradigan maydonni namoyon qiladi.
Quyida ushbu 5 ta loyiha ro‘yxati keltirilgan.
1. Global aksilterrorchilik forumi mintaqaviy suhbati (GCTF). GCTF mintaqaviy suhbatining vazifasi Markaziy Osiyoda xorijiy terrorchilarning tajovuzlari va zo‘ravonlikning radikallashuviga qarshi turishdir. Suhbatda Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardan siyosatchi va mutaxassislar xorijiy terrorchi jangarilarning tahdidlari, radikallashuv, jangarilarning ketishi va qaytishiga qarshi kurashish mintaqaviy usullari va bundagi ilg‘or tajriba bo‘yicha fikr almashadilar.
2. Markaziy Osiyo biznesining raqobatbardoshligi (CABC). CABC loyihasining vazifasi Markaziy Osiyodagi korxonalar uchun eksportni oshirish va yangi bozorlarga chiqishni yengillashtirishdan iborat. Loyiha dastlab kuchli eksport salohiyatiga ega bo‘lgan bog‘dorchilik tarmoqlariga yo‘naltiriladi. Loyiha ishtirokchilari kompaniyalar bilan ularning raqobatbardoshligini oshirish va global ishlab chiqarish-sotish zanjirlarida ishtirok etishi ustida ishlaydilar. Ular shuningdek hukumatlar va savdo ustidan nazorat olib boruvchi idoralar bilan, mahsulotlar eksportini yengillashtiruvchi siyosatni yaratish ustida ishlaydilar.
3. Transport yo‘lagini yaratish (TCD). TCD loyihasidan maqsad mahsulotlarni Markaziy Osiyo davlatlari chegaralari orqali harakatlanishi narxi va vaqtini kamaytirish hamda butun mintaqa bo‘ylab transport-logistika xizmatlari sifatini yaxshilashdan iborat. Loyiha ishtirokchilari korxonalar, savdoni nazorat qiluvchi idoralar va hukumatlar bilan muhim yo‘laklar bo‘ylab savdo uchun notarif to‘siqlarni aniqlash va kamaytirish ustida ishlaydilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar transport va logistik firmalar bilan nosamaradorlikni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha ishlaydilar. Loyiha korxonlarga aloqalar tarmog‘ini kengaytirish imkoniyati, raqobatbardoshlikni qiyosiy tahlil qilish, yo‘nalishlarni tuzish malakalari, havo orqali yuk tashishlar tendensiyalari, muzlatgich transporti bilan tashish, yuklarni konsolidatsiya qilish usullari, logistika markazlarini boshqarish kabi mavzular bo‘yicha o‘qitish va axborotni taqdim qiladi.
4. "Kelajak energiyasi" (Power the Future). Bu loyiha energetika tarmog‘idagi siyosatni ishlab chiquvchilarga va o‘rta bo‘g‘in xodimlariga Markaziy Osiyoda tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamlarini kengaytirishga yordam beradi. Loyiha tiklanuvchi energiya tarmog‘ini rivojlantirishni tezlashtirish uchun texnik yordam va eng yaxshi amerika va xalqaro tajribalar bilan almashishni taqdim qiladi. AQSh energetika sohasida strategik rejalashtirish, raqotbardosh xaridlar, energiya tarmog‘ini joriy qilish, energiyaning tiklanuvchi manbalaridan foydalanish hududlari masalalari bo‘yicha o‘qitish olib boradi va texnik yordam bilan ta'minlaydi.
5. Milliy va mintaqaviy moslashuvchan rejalashtirishni qo‘llab-quvvatlash. Bu loyihadan maqsad iqlim o‘zgarishi asoratlariga moslashuvchanlikni rejalashtirish uchun Markaziy Osiyo davlatlarining salohiyatini oshirishdan iborat. Loyiha ishtirokchilari iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanlikning mintaqaviy ustuvorliklari va transchegaraviy muammolarini aniqlash ustida ishlaydilar. Ular shuningdek iqlimshunoslik bo‘yicha yuqori sifatli axborot va tahlilchilarga ega bo‘lishni yaxshilaydilar. Bundan tashqari, AQSh manfaatdor tomonlarga texnik yordam ko‘rsatadi va rivojlanish maqsadida yordam berish bo‘yicha hamkorlari bilan harakatlarini muvofiqlashtiradi.