O‘zbekiston Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada o‘yinlarida «oltin» medal olgan sportchi uchun va'da qilingan mukofot puli miqdori bo‘yicha "kuchli beshlik" qatoriga kirdi. Turnir g‘olibi bo‘lgan sportchisi uchun O‘zbekistondan faqat Tailand, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Filippin ko‘proq mukofot va'da qilgan.
Olimpiadadan «oltin» medal bilan qaytgan o‘zbekistonlik sportchiga 200 ming dollar beriladi. «Kumush» uchun 100 ming dollar, «bronza» uchun esa 75 ming dollar va'da qilingan.
Nashrlar ma'lumotlariga ko‘ra, Tailand «oltin» medal uchun 314 ming dollar, Ozarbayjon 510 ming dollar mukofot beradi. Tailandlik g‘olib sportchiga mukofot puli birdaniga berilmaydi, u 20 yil davomida mukofot pulini oyma-oy oladi. Bunday sportchiga 1 300 dollar miqdorida oylik to‘lov tayinlanadi.
Qozog‘istonlik sportchilarga birinchi o‘rin uchun 250 ming dollar, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 150 va 75 ming dollardan mukofot puli va'da qilingan.
Bu borada to‘rtinchi o‘rindagi filippinliklar esa g‘olib sportchi uchun 237 ming dollar va'da qilgan, bu yerda ham Tailanddagi kabi holat kuzatiladi. O‘zbekiston 200 ming dollarlik mukofot bilan beshinchi bo‘lib turibdi.
Rossiya sportchilarga «oltin» medal uchun hozirgi kursda 60 ming dollar, xitoyliklar – 50 ming dollar, amerikaliklar – 25 ming dollar va'da qilgan. Nemislar bu borada oxirgi qatorlarda - 19,5 ming dollar, Buyuk Britaniyada esa Olimpiadadagi g‘alaba uchun mukofot puli berilishi belgilanmagan.
Braziliyadagi 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari 5-21 avgust kunlarida o‘tkaziladi.
Manba: Tribuna.uz