Yevropa komissiyasi shu yilning sentabr oyida Turkiyaning vizasiz tartibni joriy qilish bo‘yicha shartlarni naqadar bajarayotganiga oid navbatdagi hisobotini e'lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda, RIA Novosti agentligi vaziyatdan boxabar manbasiga tayangan holda xabar qilmoqda.
Bundan avvalroq, YeK vakili RIA Novostiga ma'lum qilganidek, Turkiya fuqarolarining Yevropaga vizasiz kirishi bo‘yicha yakuniy qaror, rasmiy Anqaraning vizalarni liberallashtirish dasturidagi qolgan shartlarni naqadar tezroq bajarishiga bog‘liq. Shundan so‘ng, Yevroparlament va YeI Kengashi turk fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish borasida so‘nggi xulosasini qabul qiladi.
O‘tgan haftada Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, rasmiy Anqara oktabr oyi o‘rtalariga borib YeI mamlakatlari bilan vizasiz tartibga o‘tishni talab qilishi haqida bayonot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mabodo viza tartibi yengillashtirilmasa, Turkiya muhojirlarni qaytarish dasturini amalga oshirishdan chetlanishga majbur bo‘ladi.