Atambayev: Agar Turkiyadagilar shunchalik aqlli bo‘lsa, nega davlat to‘ntarishini payqashmadi?

Jahon 20:48 / 01.08.2016 11728

Almazbek Atambayev Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining Gulen tarafdorlari Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi sodir etishi mumkinligi to‘g‘risidagi ogohlantirishiga o‘z fikrini bildirdi

«Agar Turkiyada shunaqa aqllilar bo‘lsa, ular nega o‘z mamlakatlaridagi davlat to‘ntarishiga urinishning oldini ola bilmagan?» degan prezident OAV vakillari bilan uchrashuv vaqtida.

U turkiyaliklar Tashqi ishlar vazirining Qirg‘izistondagi «Sebat» litseyi yopilishini so‘rab qilgan murojaatiga javoban "Qirg‘iziston – suveren davlat ekani, o‘ziga nima kerakligini o‘zi hal qilishini" aytgan.
 
«Ha, bizga yordam ko‘rsatgan, xalqaro tashkilotlarga a'zoligimiz uchun badal pullari to‘lab bergan davlatlar bor. Ularga buning uchun rahmat aytamiz. Biz kichik mamlakatmiz, biz qo‘llab-quvvatlashga muhtojmiz. Lekin biz o‘z ichki ishimizni o‘zimiz hal qilamiz. Bizga qanday yashashni o‘rgatish kerak emas», - degan Almazbek Atambayev.

«Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi yuz berishi haqida aytilayotgan gaplar - mavhum gaplar. Bizni qo‘rqitish kerak emas! Bizni shu vaqtgacha bir necha marta qo‘rqitib bo‘lishgan… Albatta, biz maslahatlarga quloq tutamiz va ma'lumotlarni tekshirib ko‘ramiz. Ammo «Sebat» litseylari ishi davom etish-etmasligi masalasini o‘zimiz hal etamiz. Bu litseylar Qirg‘iziston Ta'lim vazirligi dasturi asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Terrorizm oqibatlari bilan emas, uning kelib chiqish sabablari bilan kurashmoq darkor», - deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: