Tokio meri birinchi marta ayol kishi bo‘ldi

Jahon 23:17 / 31.07.2016 5559

Yaponiyaning sobiq mudofaa vaziri Yuriko Koike 31 iyulda Yaponiya poytaxti meri lavozimiga o‘tgan saylovlarda ishonchli g‘alabaga erishib, Tokioning birinchi ayol meri bo‘ldi. 

NHK telekanalining saylov komissiyasiga iqtibos keltirgan holda bergan ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda saylovlarda qatnashish 59,73 foizni tashkil qilgan,  2014 yilda bu ko‘rsatkich 13,59 foizga kamroq bo‘lgan. Saylov natijalariga ko‘ra, Koike 2 mln 912 ming ovoz to‘plagan.

Koike natijalar e'lon qilingandan keyingi birinchi rasmiy nutqida Tokio hukumatini isloh qilish hamda keksalar va bolalarni kunduzgi parvarishlash muassasalari yetishmasligi muammosini hal qilish istagini bildirgan.   

Tokio meri lavozimiga umumiy hisobda 21 nomzod da'vogarlik qildi. Joriy saylov 2011 yildan beri Tokio meri lavozimi uchun o‘tgan 4-saylov bo‘ldi. Oxirgi ikki mer moliyaviy mojarolardan keyin o‘z lavozimidan ketgandi.

Shaharning oxirgi meri Yoiti Masudzoening iyun o‘rtalarida iste'foga ketishiga unga ajratilgan avtomobildan shubhali foydalanishi haqidagi maqolalar sabab bo‘lgan. Jumladan, Masudzoe avtomobilda dala hovlisiga borgani uchun tanqid qilingan. So‘ngra uning siyosiy jamg‘armalari mablag‘laridan "yig‘ilish" bandi bo‘yicha oilaviy sayohatlariga pul to‘langani oshkor bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: