Saudiya Arabistoni Qurolli kuchlarining 7 nafar harbiysi Yaman bilan chegarada husiychilar bilan to‘qnashuv kelib chiqishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Yaman hukumatiga isyonchilar bilan urushda yordam ko‘rsatayotgan Arab koalitsiyasi bayonotida ma'lum qilingan.
"Yamanda sobiq prezident Salohning tarafdorlari bo‘lgan isyonchilar Saudiya Arabistoni-Yaman chegarasiga hujum qilishdi. Bu o‘t ochishni to‘xtatish sulhining buzilishidir", deyilgan xabarda.
Yamanda 2014 yilning avgustidan buyon qarama-qarshiliklar davom etib kelmoqda. 2015 yilning 26 martida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Abd Rabbo Mansur Hodiy yonida turish uchun Yamanga kirgach, vaziyat yanada og‘irlashdi.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Yamandani harbiy harakatlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 6,4 mingdan oshgan, jarohatlanganlar soni esa 30 ming nafardan ortiqni tashkil qilmoqda.