Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi rossiyalik sportchilarning Braziliyadagi
Olimpiadada ishtirok etishi bo‘yicha qaror chiqarish uchun uch kishidan iborat komissiyani jalb qiladi, deb xabar bermoqda XOQ vakili Mark Adams.
Komissiyaga XOQning sobiq prezidentining o‘g‘li Xuan Antonio Samaranch, XOQ tibbiy komissiyasi rahbari Ugur Erdener va atletlar komissiyasi rahbari Klaudiya Bokel kiradi. Gap butun Rossiya terma jamoasini chetlatish haqida ketmayapti. "Uchlik" har bir sportchi ishini yakka tartibda ko‘rib chiqadi. Shu tariqa, komissiya zimmasiga har bir sportchi bo‘yicha qaror chiqarish javobgarligi tushadi, u sportchining o‘yinlarga qo‘yilishi bo‘yicha Sport hakamlik sudi mustaqil hakamining yakuniy taklifini qabul qiladi yoki rad etadi.
"Uchlik"ka yakuniy qarorni chiqarish uchun ma'lum vaqt berildi.
Avval doping bilan muammolarga ega bo‘lgan rossiyalik sportchilar musobaqalarga qo‘yilmaydi.
Adams rossiyalik og‘ir atletikachilarning Olimpiadaga qo‘yilmasligi bo‘yicha vaziyatga ham oydinlik kiritdi. Agar rossiyalik shtangachilarning Sport hakamlik sudiga Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha bergan shikoyati qondirilsa, unda XOQ rossiyalik og‘ir atletikachilar ishini ko‘rib chiqadi. Sud ushbu ish bo‘yicha qarorni ikki kun ichida chiqarishi kutilmoqda.