Kuvayt oliy sudi Milliy olimpiya qo‘mitalari uyushmasi rahbari shayx Ahmad Al-Fahod Al-Sabohdan mamlakat sud tizimini haqoratlaganlik ishi bo‘yicha ayblovlarni bekor qildi.
Shuningdek Osiyo Olimpiya kengashi rahbari hisoblanadigan shayx Ahmad tegishli isbotlari borligini aytib, 2013 yilda Kuvayt hukumatining ikki a'zosini pullarni yuvishda, davlat mablag‘laridan noo‘rin foydalanishda va hukumatga qarshi fitnada ayblagan. Shveytsariya sudi shayx tomondan taqdim qilingan hujjatlar haqiqiy ekanligini tan olgan, biroq Kuvayt sudi ayblovlarni yolg‘on deb rad etgan. Shu tufayli shayx sudyalarni tanqid qilgan.
Dekabrda shayx 6 oylik qamoq jazosiga mahkum qilingan va 3000 yevroga jarimaga tortilgan. Biroq tez orada Kuvayt appelyatsiya sudi bu qarorni bekor qilgan.
Kuvayt terma jamoasi 2016 yilgi Olimpiadadan mamlakatda qabul qilingan sport qonuni sababli chetlatildi. Ko‘pchilik tanqidchilar bu qonunni "inson huquqlariga xavf soluvchi" deb ta'riflaganlar. Kuvayt shuningdek 15 ta xalqaro federatsiya, jumladan FIFA rahbarligida o‘tadigan har qanday tadbirlardan chetlatilgan.