Rossiyalik qo‘shiqchilar Dima Bilan va Polina Gagarina Braziliyada Olimpiya mash'alasini olib o‘tdilar.
Bu sharafli vazifani bajarish uchun artistlar Rioga avvalroq keldilar va shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishib chiqishga ulgurdilar. Ular o‘z muxlislarini kutishga majbur qilmay, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishishga shoshildilar.
Polina Gagarina instagramda "Rioda qo‘shimcha pul topmoqdamiz" deb izoh qoldirgan videoni chop etdi. Videoda Gagarina ko‘cha mashshog‘iga jo‘r bo‘lib kuylayotgani va raqsga tushayotgani tasvirlangan. Videoda "Yevrovideniye-2008" g‘olibi Dima Bilan ham ko‘rinish berib, u ham o‘zini tuta olmay raqsga tushib ketgan.
Gagarina obunachilari bu zavqli rolikka quyidagicha izohlar qoldirdilar: "Zo‘r, bolalar, siz eng zo‘rsiz", "Ajoyib! Bilan – super-raqqos", "Kayfiyatni ko‘tardingiz! Sizlarni yoningizda bo‘lib qolgim keldi!", "Polina, sizning ovozingiz super!".
O‘z navbatida Bilan ham o‘z sahifasida bu sayrdan suratlar bilan bo‘lishdi.
Qo‘shiqchilar Olimpiya mash'alasi estafetasining o‘z bosqichlarini xuddi shunday jo‘shqinlik bilan yugurib o‘tdilar. Bu bosqich Rio atrofidagi Vila-Konstansiya aholi punkti orqali o‘tdi. Birinchi bo‘lib mash'alani Bilan olib o‘tdi, so‘ngra uni Polinaga topshirdi.
Gagarina musobaqalarning tashkiliy qo‘mitasi tvitterida chop etilgan, ushbu holat tasvirlangan videoda o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi: "Bu men uchun tarixiy onlar bo‘ldi. Men shunchalik to‘lqinlanib ketdimki, yig‘lab yubordim. Bunday his-tuyg‘ularga tayyor emasdim".