Buxoro shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-son oilaviy poliklinikada 2010 yildan beri bosh hisobchi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Nurjona Xudoyorova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2013 yil dekabr oyidan 2014 yilning noyabriga qadar bo‘lgan davrda buxgalteriya ishlarini yuritishga mo‘ljallangan kompyuter programmasi orqali ish haqi to‘lovlarini hisoblash hisobotlari va to‘lov qaydnomalariga soxta ma'lumot va yozuvlar kiritib, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ydi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Shuningdek, xodimlarning avans pullari-yu, smeta xarajati jadvallari, shtatlar birligi bo‘yicha kiritilgan soxta yozuv va ma'lumotlar “evazi”ga poliklinika bosh hisobchisi qariyb 50 million so‘m mablag‘ni talon-taroj qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining hukmiga ko‘ra N.Xudyorova ikki yil muddatga mansabdorlik lavozimlaridan ishlash huquqidan mahrum etilib, jarima jazosiga tortildi.