Shotlandiyalik 10 yoshli Kayl Makinter onasi smartfondan uning sevimli o‘yini - Pokemon GO ilovasini o‘chirib tashlagandan so‘ng uydan qochib ketdi. Bu haqida BuzzFeed nashri ma'lum qildi.
Bolaning opasi Stefani kichik yoshli cho‘ntak mahluqlari ovchisining ustidan kulib, uning qochishi tasvirga tushirilgan videoni Twitter'da namoyish qildi.
Rolikda Stefani ukasi qanday qilib uydan qochib ketganiga izoh beradi. "U o‘zining futbolda qo‘lga kiritgan axmoqona medallarini va boshqa buyumlarini olib, buvimiznikiga qochib ketdi! Uchrashguncha, Kayl!", - deydi u.
10 yoshli pokemonlar ovchisining harakatlari Twitter foydalanuvchilari orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Biri "U hammadan yaxshi bo‘lishni istagan" deb unga achinib qo‘ysa, boshqasi "O‘ylashimcha, u pokemon ustasi nomi uchun olg‘a qadam qo‘ydi", - deb hazillashib qo‘ydi.
Opasining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Kayl Pokemon GO o‘yinini qayta o‘rnatgan, lekin uyga qaytishdan hanuz bo‘yin tovlamoqda. Bola uyga qachon qaytishi haqidagi savolga mag‘rur holda "Hech qachon" deya javob bermoqda.
Pokemon GO — Android va iOS bazasidagi gadjyetlar uchun to‘ldirilgan reallik elementlari bo‘lgan o‘yin. Bunda o‘yin ishtirokchilari o‘zlarining smartfonlari bilan shahar bo‘ylab harakatlanib, pokemonlarni izlashadi va ularni virtual pokebollar yordamida tutishadi. Qo‘lga olingan personajlarni mashq qildirib, boshqa o‘yinchilar bilan kurash tashkillashtirish mumkin.