Suriyalik qochqin: “Meni so‘kmasliklari, urmasliklari, o‘ldirmasliklari uchun Shvetsiyaga kelgan edim, afsuski, qattiq shokdaman”

Jamiyat 14:08 / 21.07.2016 21289

Shvetsiyalik avtobus haydovchisi o‘z yo‘lovchisi – suriyalik qochqinga “Men sizlarni yomon ko‘raman, yaramas cho‘chqalar”, deya baqirdi-da unga hujum qildi. Bu haqda The Local yozmoqda.

Voqea Shvetsiyaning Eland orolida, Borgxolm shahriga yo‘l olgan Nobina kompaniyasining avtobusida yuz berdi.

Shvetsiyadan boshpana izlab kelgan suriyalik qochqin bu haqda The Local gazetasiga so‘zlab bergan. Uning gaplariga ko‘ra, avtobus bekatga kelib to‘xtaydi va afg‘onistonlik bir qochqinni avtobus saloni ichiga qo‘yishadi, uni esa kiritishmaydi.

Shunda mahalliy odamlardan biri qochqinni mashinasiga o‘tkazib, keyingi bekatga olib borib qo‘yadi va u o‘sha yerdan avtobusga chiqib oladi.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, aynan mana shu avtobus haydovchisi ilgari ham boshqa qochqinlarni avtobusga chiqarmagan. Shu bois u haydovchini suratga tushirib, xatti-harakatlari haqida mahalliy hokimiyatga ma'lum qilmoqchi bo‘ladi.

Avtobus keyingi bekatga  yaqinlashganda, g‘azablangan avtobus haydovchisi haligi suriyalik qochqinni suratga olmoqchi bo‘ladi. "Men ham sening yuzingni suratga olishni istayman. Nega yo‘q bo‘lar ekan? Axir sen meni yuzimni suratga olding-ku", deya baqirgan u. Qochqin suratga tushmaslik maqsadida yuzini berkitgan. Shundan so‘ng, haydovchi uni bir necha marta urgan. Bularning barini qo‘shni o‘rindiqda o‘tirgan kishi videoga olayotgan edi.

"Nega va qanday qilib bu voqealar sodir bo‘lganiga tushana olmayapman. Men bilan Shvetsiyada shunday bo‘ladi, deb sira o‘ylamagan edim. Bu ish men uchun juda kutilmagan bo‘ldi va hamon o‘zimga kelolmayapman", — deb hikoya qiladi qochqin.

Uning akasi Suriyada halok bo‘lgan ekan. Shvetsiyaga esa o‘tgan yilning oktabr oyida kelgan. 

"Men Suriyadan meni urishlari, so‘kishlari va o‘ldirishlaridan qochib Shvetsiyaga kelgan edim. Ammo afsus, qattiq shokdaman", — deb qo‘shimcha qildi u.

Nobina vakilining The Local nashriga izoh berishicha, haydovchini ishdan chetlatishgan va kompaniya ichki tekshiruvlarni boshlab yuborgan.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: