Olmaotadagi terakt oqibatida halok bo‘lgan politsiyachilar oilalariga kvartiralar berildi

Jahon 06:40 / 21.07.2016 5520

Olmaotadagi aksilterrorchilik operatsiyasi o‘tkazilishi davomida halok bo‘lgan politsiyachilar Maksat Salimbayev va Timur Begasilov oilalariga kvartiralar berildi. Bu haqda politsiyachilar tug‘ilib o‘sgan Olmaota viloyati ma'muriyatida ma'lum qilindi.

Viloyat rahbari Amandiq Batalovning ta'kidlashicha, fuqarolarning hayotini olib ketgan Olmaotadagi fojiali voqealar "nafaqat huquq-tartibot muassasalari xodimlari oilalariga, balki butun mamlakat aholisiga ta'sir qildi". U politsiyachilar "jamiyatni jinoiy tajovuzlardan himoyalab va ularning zimmasiga yuklangan burchni sharaf bilan bajarib halok bo‘lganlarini" ta'kidlab o‘tdi.   

Avvalroq Qozog‘iston hukumati terakt oqibatida halok bo‘lganlar oilalariga 15 mln tangadan (45 ming dollar), jabrlanganlarga 5 mln tangadan (15 ming dollar) berilishini ma'lum qilgandi.

Olmaota ichki ishlar departamenti terakt oqibatida halok bo‘lgan politsiyachilar yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus hisob raqam ochdi. Butun mamlakat bo‘ylab barcha politsiyachilar bu hisob raqamiga bir kunlik maoshlarini o‘tkazdilar. 

18 iyulda Olmaotada Olmola tuman ichki ishlar bo‘limi va Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi departamentiga hujum amalga oshirilgandi. Oqibatda huquq-tartibot muassasalarining 4 nafar xodimi, chegarachi va IIV pensioneri halok bo‘lgan. Aksilterrorchilik operatsiyasi davomida avval zo‘ravonlik qo‘llash bilan o‘g‘rilik qilgani va o‘qotar qurolni noqonuniy sotib olib, uni saqlagani uchun ikki marta sudlangan qizilo‘rdalik 27 yoshli kimsa qo‘lga olingan. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bo‘lib o‘tgan voqealarni terakt deb atagan.     

Ko‘proq yangiliklar: