AQSh prezidenti lavozimiga rasmiy nomzod etib ko‘rsatilgan Donald Tramp o‘z tarafdorlaridan nomzodi rasman tasdiqlangani munosabati bilan 10 dollardan, uning raqibi Xillari Klinton shtabi esa o‘z tarafdorlaridan 1 dollardan pul so‘radi.
Tramp bir necha soat oldin Respublikachilar partiyasi nomidan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun rasmiy nomzod qilib ko‘rsatildi.
"Diqqat! Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatildi! Keling Xillariga yutishga tayyorligimizni ko‘rsataylik. Qo‘llab-quvvatlashingizni ko‘rsatish uchun 10 dollardan o‘rtaga tashlang", deb Tramp sms-xabar orqali o‘z tarafdorlarini chorladi.
Demokratlar ham tezda bunga munosabat bildirishdi. "Ovozlar hisoblab chiqildi va Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan rasman nomzod bo‘ldi. Dunyo noyabrda bizga ishonch bildiradi va biz buning uchun harakat qilishimiz kerak. Trampni Oq uyga qo‘ymaslik uchun 1 dollardan o‘rtaga tashlang", deyilmoqda Klinton shtabi xabarida.
Klinton iyunda prezidentlik kampaniyasi uchun 68,5 mln dollar, Tramp esa 55 mln dollar yig‘a olgandi. Nomzodlarga prezidentlik kampaniyasini o‘tkazish uchun o‘rtacha 1 mlrd dollargacha mablag‘ talab qilinishi mumkin.