Joriy yilda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani hududida ekopark qurilishi to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi. Bu loyiha O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi “Pengsheng” MChJ hamkorligida amalga oshiriladi.
Rejaga zamonaviy tipdagi futbol o‘yingohi, tennis korti, suzish havzasi qurilishi kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda ochiq turdagi suzish havzasi va futbol o‘yingohi qurilishi yakunlandi. Bu haqda “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasi boshlang‘ich kasaba tashkiloti rahbari G‘afur Turdiqulov ma'lum qilgan.
Tumanda joylashgan “Pengsheng” MChJ Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi birinchi eng yirik loyihalaridan hisoblanib, ushbu loyiha ikki mamlakat o‘zaro kelishuvi asosida yuzaga kelgan.
Korxonaning qurilishiga 2009 yili asos solingan bo‘lib, uning muassisligida tumanda yana 8ta ixtisoslashtirilgan mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonalar tashkil etilgan. Ularning barchasi “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasi rahbariyati boshchiligida markazlashgan holda boshqariladi.
Bugungi kunda ushbu korxonada keramika kafellari, Mobil UZTE qo‘l telefonlari, Ayollar va erkaklar oyoq kiyimlari, uy jonivorlari va qushlar uchun ozuqa, santexnika kranlari, shuningdek, teri mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar nafaqat O‘zbekiston ichki bozorlariga, balki eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
“Pengsheng” kompleksida bugun 1200dan ortiq yigit- qizlar mehnat qilishmoqda. Ishchi xizmatchilarimizning asosini yoshlar tashkil qiladi.
Bunyodkorlik ko‘lami keng bo‘lib, ekopark hududida 500 o‘rinli amfiteatr, turli tipdagi atraktsion qurilmalari, shuningdek, aholiga maishiy xizmat binolari, ovqatlanish majmualari, savdo do‘konlari ishga tushishi belgilangan.
Kishiga xush kayfiyat beradigan qurilish ishlari hozirda jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Yangi ekopark tashrif buyuruvchilarga ekologik musaffolik, madaniy hordiq berish bilan birga maroqli sport mashg‘ulotlari tashkil etish imkoniyatini ham hadya qilishi ko‘zda tutilgan.