Respublikachilar partiyasining milliy s'yezdida AQSh prezidentligi uchun ayni partiyadan rasmiy nomzod etib saylangan Donald Trampning boyligi 3 mlrd dollardan iborat. Bloomberg agentligining doimiy ravishda yangilanib turuvchi "Milliarderlar ko‘rsatkichi" (Bloomberg Billionaire Index) xizmati shunday ma'lumot bermoqda.
O‘tgan yili Trampning boyligi 2,9 mlrdni tashkil etgan. Ayni vaqtda, milliarderning qarzi 2 baravarga ortib, 350 mlndan 630 mln dollarga yetgan.
"Trampning qarzi Vashingtondagi eski pochta bo‘limi binosini lyuks mehmonxonaga aylantirish maqsadida olgan krediti hisobiga ko‘paygan. CNN telekanalining xabariga ko‘ra, Oq uydan bir necha mavze uzoqlikda joylashgan mehmonxonani ta'mirlash ishlari 2013 yilda boshlangan bo‘lib, shu yil sentabrda yakunlanishi kerak.
Trampning qarzdorligi kamayishiga, unga tegishli ko‘chmas mulklar narxining ortishi ham ijobiy ta'sir ko‘rsatgan. Xususan, Nyu Yorkning Manxetten markazidagi "Tramp tauer" osmono‘par binosining narxi o‘tgan yilgiga qaraganda 22 foizga qimmatlashib, 600 mln dollarga baholanmoqda.
CNNga ko‘ra, prezidentlik kampaniyasi amalda Trampning moliyaviy ahvoliga ta'sir etmagan. May oyi oxiridagi ma'lumotlarga binoan, Tramp kampaniyasi hisobiga 46,1 mln dollar ssuda o‘tkazgan va millirader uni kechib yuborish niyatida.