O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan patronaj oyligi Jizzax viloyatida ham yuksak saviyada davom etmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jizzax shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 5-oilaviy poliklinika jamoasi patronaj oyligini uyushqoqlik bilan o‘tkazmoqda.
Shaharning Ko‘tarma, Kimyogar, Madaniyat, Ravalliq, Sayxon, Ulug‘bek va Bobur nomidagi mahallalari hududidagi 35 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan ushbu muassasaning moddiy-texnik bazasi mustaqillik yillarida butunlay yangilandi.
Patronaj oyligini samarali o‘tkazishda viloyatdagi 169 qishloq vrachlik punkti va 5 oilaviy poliklinikaning 1 ming 200 dan ziyod patronaj hamshirasi ishtirok etmoqda. Ular oylik davomida hududdagi xonadonlarda bo‘lib, oilaning har bir a'zosi salomatligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yangilaydi.