Rossiya sport ishlari vaziri Vitaliy Mutko Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) rasmiy saytida Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiyaning Rossiyada bo‘lib o‘tgan Sochi Olimpiya o‘yinlarida yo‘l qo‘yilgan doping qallobligi tekshiruvlari yuzasidan xulosalari aks etgan hisobotidan keyin hisobotda nomi tilga olingan amaldorlar lavozimidan chetlatilishi haqida ma'lum qildi.
"Men bu bo‘yicha buyruqni imzoladim. Hisobotda kimning nomi keltirilgan bo‘lsa, ularning barchasi vaqtinchalikka ishdan chetlatiladi.
Bular Yuriya Dmitriyevich (Nagornix)dan tashqari vazir maslahatchisi Natalya Jyelanova, Sport vazirligi qoshidagi fan departamenti direktori Avak Abalyan, shuningdek, Irina Rodionova va Moskva aksildoping laboratoriyasi xodimi Yuriy Chijov", deya Mutkoning so‘zlarini keltiradi "R-Sport".
18 iyul kuni WADA mustaqil komissiyasi Rossiya sport vazirligini doping qo‘llanilishini bevosita nazorat qilishda aybladi.
Shundan so‘ng WADA Mutkoning iste'fosini talab qildi va FIFAning axloq-odob qo‘mitasini Rossiya sport vaziri, FIFA ijroiya qo‘mitasi a'zosi va Rossiya futbol ittifoqi rahbari faoliyatini tekshirishga chaqirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin WADA hisobotida tilga olinganlar vaqtinchalik lavozimlaridan chetlashtirilishini ma'lum qildi.
Biroz oldinroq WADA "rossiyalik sportchilarning Olimpiada o‘yinlariga qo‘yilishi individual tartibda ko‘rib chiqilishi zarur"ligini qayd etib o‘tdi.
Manba: Tribuna.uz