2016 yilning 19 iyul kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, jumladan, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda nomiga O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Sh. Mirziyoyev nomidan rasmiy maktub yo‘llandi.
Maktub O‘zbekiston Respublikasi TIV matbuot xizmati saytida keltirilgan.
«2016 yilning 1 iyulida «Rog‘un GES» OAJ va Italiyaning "Salini Impregilo S.p.A" kompaniyasi o‘rtasida shartnoma tuzilganligiga oid ma'lumotning bir qator ommaviy axborot vositalarida chop etilishi munosabati bilan quyidagilarni ma'lum qilamiz.
2016 yilning 19 iyulida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyevning xati yo‘llandi. Mazkur xat Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Q.Rasulzoda nomiga yo‘llanib, u quyidagi mazmunga ega bo‘ldi:
"Mazkur murojaat Tojikiston Respublikasi Hukumatining Rog‘un GESi qurilishi bo‘yicha Italiyaning "Salini Impregilo" kompaniyasi bilan kelishuvga erishgani to‘g‘risidagi yangiliklar bilan bog‘liq.
Shu munosabat bilan Sizning e'tiboringizni yana bir bor qurilish maydonidagi bir qator tadqiqotlar, birinchi navbatda, Jahon banki boshchiligida o‘tkazilgan loyihaning majmuaviy xalqaro ekspertizasi - Rog‘un GESining qurilishi Markaziy Osiyoning barcha mintaqalari uchun ulkan xavf-xatar tug‘dirishini tasdiqlaganini eslatib o‘tishni joiz deb topdik, bu haqida rahbariyatning hamda qo‘shni mamlakatlar ekspertlarining ma'lumotlarida bir necha marotaba ta'kidlangan, Tojikiston Hukumati ham bundan yaxshi xabardor.
Jahon banki mazkur loyihaning ulkan texnogen, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy xavfini inobatga olib, Rog‘un GESi qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etishdan bosh tortdi.
Shuni eslatib o‘tish lozimki, Rog‘un GESini barpo etish loyihasi o‘tgan asrning 70- yillarida ishlab chiqilgan. Bugungi kunda zamonaviy talab va tajribani hisobga olib, bu loyihani qayta ko‘rib chiqish shart.
Balandligi bo‘yicha dunyoda tengi yo‘q hisoblangan 335 metrlik to‘g‘onga ega bu qadar ulkan miqyosli GES majmuasi qurilishi uchun tanlangan maydonning seysmikligi Rixter shkalasi bo‘yicha 9−10 ball bo‘lgan tog‘ hududida ekani jiddiy shubha-gumonlarni keltirib chiqaradi. Obektning ma'lum qilingan 3,9 mlrd AQSh dollari miqdoridan ancha uzoq bo‘lgan umumiy smeta qiymatida amaliy aniqlik mavjud emas, loyihaviy hujjatlash ishlari to‘liq yakunlanmagan, obro‘li ekspertlar tomonidan bildirilgan jiddiy mulohazalar inobatga olinmagan
Tojikiston hukumatining har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham mintaqa uchun ulkan xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan Rog‘un GESi qurilishini davom ettirish uchun qilayotgan urinishlari kishini xavotirga solmay qo‘ymaydi, albatta.
Tojikiston rahbariyati mamlakatning energiya ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni kichik va o‘rta GESlar hisobidan hal qila oladi deb hisoblashga asosimiz bor, buning uchun Tojikiston hududida ko‘plab daryolar va suv resurslari mavjud.
Bizga ma'lum bo‘lishicha, bunday istiqbolli dastur Tojikistonda amalga oshirilmoqda», deb yakunlanadi xat.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda qurilishi davom etayotgan Rog‘un GESi Markaziy Osiyoda eng yirik inshoot bo‘lib, uning ilk poydevori o‘tgan asrning 80-yillarida qo‘yilgan edi.
Rog‘un GESi 3600 mVt quvvatga ega bo‘lib, inshoot loyihasining umumiy qiymati taxminan 3 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.
Uning to‘g‘on balandligi esa 335 metr bo‘lib dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘lishi aytilgan.