Turkiyalik elchi Kambojada "turkiyalik terrorchilarni tayyorlovchi" maktab borligini ma'lum qildi

Jahon 17:37 / 19.07.2016 7777

Turkiyaning Kambojadagi elchisi Ilhom Kamol Tug‘ning ma'lum qilishicha, mamlakat poytaxti Pnompen shahridagi xalqaro maktablardan biri va yana bir taniqli xususiy universitetda "Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshirish maqsadida terrorchilar tayyorlanadi". Bu haqda Cambodia Daily xabar tarqatgan.

"Biz Kamboja hukumati bilan barcha sohalarda yaqin hamkorlik qilamiz va mening ishonchim komilki, bu holatda Kamboja biz tomonda turadi", degan elchi va shahardagi Zaman guruhiga tegishli barcha o‘quv muassaslari yopilishi kerakligini talab qilgan.

Pnompen shahrida Zaman guruhi homiyligidagi bolalar bog‘chasi, o‘rta maktab va universitet 1993 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Bu fond turkiyalik muxolifat kuchlari rahbari Fathulloh Gulenga tegishli. Gulen esa Turkiya hukumati tomonidan mamlakatdagi harbiy davlat to‘ntarishiga urinish tashkilotchisi sifatida e'lon qilindi. Uning o‘zi bu ayblovni inkor qilib kelmoqda. Turkiya bugun uni topshirishini so‘rab, AQShga rasman murojaat qildi.

Zaman universiteti va maktablar rahbariyati bugun bergan bayonotida aytilishicha, guruh Fathulloh Gulenning ma'naviy maslahatlariga tayanib faoliyat yurgizadi, lekin u muassasalarga egalik qilmaydi, boshqaruvda ishtirok etmaydi".

Gulenga aloqador bo‘lgan Zaman va boshqa tashkilotlar dunyoning turli mamlakatlarida 800dan ortiq o‘quv muassasalari ochishgan. Turkiya elchisining gazetaga ma'lum qilishicha, 2013 yilgacha Turkiya diplomatiyasi tizimida Gulen maktablari tarbiyalanuvchilari ham faoliyat ko‘rsatishgan, lekin hokimiyat tepasiga Erdo‘g‘an kelgach, bunga barham berilgan.

"Men o‘tmishdagi munosabatlar tufayli Fathulloh Gulen va Zaman maktablari o‘rtasidagi qalin aloqalar to‘g‘risida juda yaxshi bilaman", degan elchi.

Kamboja hukumati hozircha elchining so‘zlariga munosabat bildirmadi.

Ko‘proq yangiliklar: