Samarqandda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi qo‘mitasi tomonidan biznes-forum va kooperatsion birja o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘sib, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshgan. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 651 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 75 yetakchi firma va kompaniya o‘z vakolatxonasini ochgan. Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, ayniqsa, yuqori texnologiyalar sohasida faol rivojlanib bormoqda.
Biznes forumda Shensi provinsiyasi va Samarqand viloyati yirik kompaniya va korporatsiyalari, firmalar tog‘-kon sanoati, investitsiya va zamonaviy texnologiyalar, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, sug‘urta faoliyati, sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi. Ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari mahsulot yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda Shensi provinsiyasi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘maklashuvchi qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.