Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Mehmet Shimshek Turkiya harbiy dengiz flotida harbiy to‘ntarishga urinishdan keyin 14ta kema yetishmayotgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi. Bu haqda Reuters xabar tarqatgan.
Bundan oldinroq The Times nashrida 15 iyul oqshomidagi voqealardan so‘ng Turkiya harbiy-dengiz flotida 14 ta harbiy kema yetishmayotgani, bu kemalar Egey va Qora dengizda xizmatda bo‘lgani, isyon bostirilganidan keyin ular bazalarga qaytmagani haqida xabar chiqdi.
Keyinroq RIA Novosti agentligi Qora dengiz suvlarida Turkiyaning 4ta kemasi borligi haqida xabar tarqatdi.
Flot qo‘mondoni Veysal Kezele ham 16 iyuldan beri aloqaga chiqmagani, u isyonchilar qo‘lida garovda ekanligi yoki o‘zi ham to‘ntarish yetakchilaridan biri bo‘lgani noma'lumligicha qolayotgani aytildi.
Shuningdek, Reuters agentligida harbiy to‘ntarish tarafdorlari Marmara dengizining janubiy qirg‘og‘idagi Geljyuk bazasida F-240 TCG Yavuz fregatini qo‘lga olgani ma'lum qilindi.