Buyuk Britaniyada Nitstsadagi fojiali voqealarni yoritgan teleboshlovchining hijobli bo‘lgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb yozayapti The Guardian.
Qayd etilishicha, jurnalist ayol Fotima Manji Channel 4 tomoshabinlariga Nitstsadagi terrorchiliklarga oid xabarni ma'lum qilgan.
Shundan so‘ng, The Sun nashri o‘zining sobiq bosh muharriri Kelvin Makkenzi qalamiga mansub, Manjining teleekrandagi ko‘rinishini tanqid qiluvchi maqolasini chop etdi.
Makkenzining yozishicha, u teraktga bag‘ishlangan yangiliklar dasturida ro‘mol o‘ragan Manjini ko‘rishi bilan «ko‘zlariga ishona olmagan». Jurnalist buni ma'qullamagan.
Bu maqola ham, o‘z navbatida keng jamoatchilikning e'tiroziga sabab bo‘ldi, deb yozadi The Guardian. Xususan, bir kun ichida OAV bilan ishlash agentligi 300dan ortiq fuqaroning murojaatini qabul qilgan. Ular The Sun nashrini irqchilikda ayblagan.
Channel 4 rahbariyati ham bundan chetda turmagan. Ular, Manjini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, bayonot berishgan. Unda ta'kidlanishicha, Makkezni so‘zlari «diniy va irqiy ko‘rolmaslikni avj oldirish»bilan barobardir. Jurnalistlar milliy ittifoqi ham Makkenzini qattiq tanqid qilgan.
Shundan so‘ng, The Sun tahririyati, ikkinchi maqolani chop etgan. Uning mazmuniga ko‘ra, Manjining terakt to‘g‘risidagi xabarni teleekranda hijobda ko‘ringan holda o‘qib berishi, «Britaniya naqadar buyuk va bag‘rikeng davlat» ekanini ko‘rsatadi.