Rio-de-Janeyro sudi 12 oy ichida uchinchi marta aloqa operatorlariga butun mamlakat bo‘ylab WhatsApp messenjerini to‘sib qo‘yishni buyurdi. Bu haqda The Next Web Braziliyaning Globo.com portaliga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.
Avvalgi ikki vaziyatdagi (2015 yil dekabr va 2016 yil may) kabi messenjerga kirishni cheklash messenjer rahbariyatining hukumatga narkosavdo ishi bo‘yicha o‘tayotgan foydalanuvchilar haqida ma'lumot berishdan bosh tortishi bilan bog‘langan.
Nashr avvalgi gallardagi kabi taqiqlov bir necha kundan keyin bekor qilinishini taxmin qilmoqda. Biroq WhatsApp’ning uzoq vaqt ishlamasligi Braziliyaga Olimpiadaga keladigan foydalanuvchilarga ta'sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, sud WhatsApp’ga egalik qiladigan Facebook kompaniyasiga axborotni taqdim qilish qarorini bajarmaguncha hukumatga kuniga 50 ming dollardan jarima to‘lash majburiyatini qo‘ydi. Braziliya huquq-tartibot muassasalari messenjerdan foydalanuvchi ikki gumonlanuvchining muzokaralari haqida ma'lumot olmoqchi. Politsiya muzokara mazmuni yordamida Braziliya, Boliviya, Paragvay va Ispaniyada harakat qiluvchi narkosavdogarlar guruhi iziga tushmoqchi.
Avvalroq Braziliyadagi Londrina shahri federal sudi Facebook kompaniyasi hisob raqamlaridagi 19,5 mln realni (6 mln dollarni) to‘sish haqida qaror chiqargandi.