Asakada kulgi ustalarining Respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 18:21 / 19.07.2016 4722

So‘zamol askiyachilarimiz va miniatyura teatrining mohir aktyorlarini rag‘batlantirish, ularni xalqqa tanitib borish maqsadida ikki yilda bir marta o‘tkazilayotgan “Askiya va miniatyura teatrlari ustalarining Respublika tanlovi” ana shunday xayrli ishlarning amaliyotdagi ko‘rinishidir. Ushbu ko‘rik tanlovning Asaka shahrida o‘tkazilgan bu yilgi katta anjumaniga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi xalq ijodiyoti va madaniy-ma'rifiy ishlar respublika markazi, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, Respublika “Tasviriy Oyina” ijodiy uyushmasi hamda Andijon viloyat hokimligi hamkorlik qildi.

O‘zbekistonning har bir viloyatidan askiyachi va miniatyura teatri guruhlari tashrif buyurgan Asaka shahrining so‘lim istirohat bog‘i ko‘rik tanlov munosabati bilan katta saylgohga aylandi

Ishtirokchilar askiyaning “payrov", "qofiya", "radif", "tutal", "o‘xshatdim", "bo‘lasizmi", "bahri-bayt", "safsana", “gulmisiz, rayhonmisiz”, "shirinkorlik” kabi turlaridan, qiziqchilikning so‘z o‘yini, qochirim, hazil mutoyiba, kinoya, tashbeh, kesatiq, mubolag‘a, masxarabozlik kabi hajv san'ati vositalaridan keng foydalanib, lo‘nda, latif, serma'no, nimkosa ta'sirli, jozibali va kulgili asarlar ijro etishdi.

Asaka shahrining yosh askiyachilar guruhi va Surxondaryoning “Qo‘shtirnoq” miniatyura teatri vakillari o‘z yo‘nalishlarida birinchi o‘rinlarga munosib topilishdi. Namangan, Buxoro, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Andijon viloyatlari namoyondalari ikkinchi, uchinchi o‘rinlarning mukofotlari va diplomlariga sazovor bo‘ldi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Foto: Zuhriddin Umirzaqov. O‘zA

Ko‘proq yangiliklar: