Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi Tereza Meyni Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri etib tayinladi. Bu haqda Bukengem qasri vakili xabar bermoqda.
Mamlakat qirolichasi Devid Kemeronning iste'fosini rasman qabul qilgach, Tereza Meydan yangi vazirlar mahkamasini shakllantirishni rasman so‘radi. Kemeron 23 iyun kuni o‘tgan referendumda ko‘pchilik britaniyaliklar Yevropa Ittifoqidan chiqishni yoqlab ovoz bergach, iste'foga chiqishga qaror qilgan edi.
Kemeronning oilasi bilan qasrdan chiqib ketishi va Terezaning turmush o‘rtog‘i Filip Mey bilan tashrif buyurishidagi vaqt oralig‘i 26 soniyani tashkil etdi.
Bosh vazirni tayinlash marosimi juda oddiy o‘tdi: qirolicha yangi nomzoddan hukumatni shakllantirishi haqida so‘radi. Tasdiq javobidan so‘ng u bosh vazir etib tayinlandi.
Shundan so‘ng Mey Kemeronning yo‘lini davom ettirgan holda mamlakatlarni birlashtirish va ijtimoiy adolatni o‘rnatish borasidagi ishlarni davom ettirishini ma'lum qildi.
"Biz ayni damda katta milliy o‘zgarishlarni amalga oshirish bosqichida turibmiz. Biz Buyuk Britaniyamiz va shunga mos ish qilamiz. Hammaga ma'qul keladigan davlat quramiz", — dedi u o‘zining birinchi nutqida.
Mey Bukingem qasridan so‘ng Dauning-stritga yo‘l oldi. U yerda Kemerondan rezidintsiya va yadro qutichasining kalitini qabul qilib oldi. Shuningdek, u yuqori mansabli amaldorlar, jumladan, vazirlar mahkamasi kotibi ser Jyeremi Xeyvord bilan ham uchrashdi.