Rossiya hukumati Eronga 2,5 mlrd yevro miqdorida eksport krediti taqdim etishni ma'qulladi. Bu haqda, Rossiya tabiat vaziri Sergey Donskoy Vazirlar mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti».
«Ma'qullashdi», — deb qisqa javob bergan vazir shu mazmundagi savolga.
Mablag‘larning bir qismi Eron temiryo‘llarini elektrlashtirishga yo‘naltiriladi. Unda, "Rossiya temir yo‘llari" davlat kompaniyasi ham ishtirok etadi. Ikkinchi loyiha — IES qurilishini Rossiya kompaniyalari amalga oshiradi.
Hukumat majlisini olib borgan bosh vazir Dmitriy Medvedevning aytishicha, eksport kreditlari Rossiya kompaniyalarining xorij bozorlaridagi manfaatlarini himoya qilishning eng samarali usullaridan biridir.
«Bu aslida, o‘zimizning ishlab chiqarish uchun kiritayotgan sarmoyamizdir», — degan Medvedev.
Bosh vazirning qayd etishicha, Rossiya kompaniyalarining loyihalarda ishtirok etishi - kredit taqdim etilishining talablaridan biridir.