Braziliyalik mashhur yozuvchi Paulo Koelo o‘zining navbatdagi asarini o‘quvchilarga taqdim etdi. Dunyodagi asarlari eng ko‘p o‘qiladigan yozuvchilardan biri bo‘lgan ijodkorning galdagi romani «Josus» yoxud «Mata Hari» deb nomlanadi. Kitob allaqachon dunyoning qator tillariga tarjima qilina boshlandi. Bu haqda yozuvchi o‘zining twitter'dagi sahifasida ma'lum qilgan.
«Josus» («Mata Hari») - asar hayotiy voqealarga asoslanadi. Asar Mata Hari ismli, davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib, qatl qilingan qiz haqida. Mata Xari Birinchi jahon urushi vaqtida Parijda yashagan raqqosa bo‘lgan. U juda go‘zal bo‘lgani uchun Parijning obro‘li kishilari e'tiboriga tushadi. O‘sha vaqtdagi zo‘ravonlik va aslzodalarning erkaliklariga qarshi chiqadi. Aynan shuning uchun uning hayotiga zomin bo‘lishadi.
O‘limga hukum qilingan Mata Hari unga pero, qog‘oz olib kelishlarini so‘raydi va xat yozadi. Oxirgi 20 yillikda Buyuk Britaniya, AQSh va Niderlandiya hukumati raqqosa qizning hayoti haqida ko‘plab hujjatlar va o‘sha xatni ham topishadi. Bu xat esa egasini topadi... U Paulo Koeloning qo‘liga tushib qoladi...
«Bir kuni stolimning ustida tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib yotgan hujjatlarga ko‘zim tushdi. Ular orasida Mata Haraning xati ham bor edi. Uni o‘qir ekanman hayratga tushdim - bu qiz qanday qilib shunchalik ko‘p dushman orttirgan ekan...»,- deydi ijodkor.
O‘sha xat asosida Koelo Mata Harining obrazini tiklaydi. Unda qizning bolaligidagi xotiralarigacha yozilgan edi: Yave ismli aroqxo‘r diplomatning xotini bo‘lganidan Fransiyada ekzotik raqsni maromiga yetkazib ijro etayotganidagi sarmast tuyg‘ularigacha.
«Mata Hari ilk ozodlikka intilgan va shaxs sifatida unga yetishgan ayollardan. U jamiyatdagi ayollar ustidan hukmronlik o‘rnatishga haqlimiz deb o‘ylaydigan erkaklarga isyon qiladi. Uning xatidan ko‘p o‘rnak olsak bo‘ladi. Mata Harining yagona aybi shundaki, u mustaqil ayol edi»,- deydi Koelo.
Mata Hari otuvga hukm qilinadi. Hukm bajarilishidan oldin u ko‘zini boylash uchun berilgan bog‘ichni taqishdan bosh tortadi. U qotilining ko‘ziga tik qarashni xohlaydi va «Men tayyorman» deydi. Asar mana shu ayol taqdiri haqida.
Paulo Koeloning yangi asari shu yilning kuzida Rossiyaning AST nashriyotida rus tilida nashrdan chiqishi kutilmoqda. Bu haqda nashriyot saytida ma'lum qilingan.
Paulo Koelo 1988 yilda yozilgan «Alkimyogar» romani bilan ko‘pchilikka tanilgan. Uning oxirgi asarlari «Veronika o‘limni tanladi» (1998), «G‘olib yolg‘iz qoladi» (2008) va «Edyulter» (2014) hisoblanadi. Uning kitoblari butun dunyo bo‘ylab 200 millionga yaqin sotilgan. Ular dunyoning 160 mamlakatida 80 tilga tarjima qilingan. Birgina «Alkimyogar» asari o‘zbek tiliga uchta tarjimon tomonidan o‘girilgan.
Koeloning ijtimoiy tarmoqdagi faolligi ham diqqatga sazovor. Uning Facebook'da 28 million, twitter'da 11 million o‘quvchisi bor.