"Kosa Nostra" rahbari vafot etdi

Jamiyat 16:07 / 13.07.2016 7792

"Kosa Nostra" nomi ostida faoliyat yuritgan Italiya mafiyasi yetakchisi Bernardo Proventsano vafot etdi. Bu haqda Rai News24 telekanalida xabar qilingan.

83 yoshli jinoyatchi 2006 yildan buyon qamoqxonada saqlab kelinayotgandi. Oxirgi vaqtlarda uning sog‘lig‘i yomonlashgan.

U 1993 yili Sitsiliyada "Cho‘qintirgan ota" Salvatore «Toto» Riini hibsga olingach, mafiya yetakchisiga aylangan va jinoiy tashkilotni yanada kengaytirgandi. 43 yil davomida suddan qochib yurgan Proventsano 2006 yili qo‘lga tushgandi. U Parmada bir necha qotilliklarni amalga oshirgani (xususan, 2 nafar sud hakami) uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. 

Birinchi qotillikni Proventsano 25 yoshida sodir etgan (raqiblar yetakchisini o‘ldirgan).

U hibsga olinganida politsiyada uning yagona surati bo‘lgan, bu surat 1959 yili olingan.

2011 yilda saratonga chalingan mafiya yetakchisi 2012 yil mayida o‘z joniga qasd qilishga uringanida qamoqxona nozirlari tomonidan to‘xtatib qolingan. 2014 yilda Proventsano asab tizimidagi buzilish tufayli San-Paolo shifoxonasiga o‘tkazilgan.

Proventsanoning laqabi "Traktor Binnu" bo‘lgan, bunga u odamlarni o‘ldirishda har qanday shafqatsizlikdan qaytmagani sabab bo‘lgan. 

Koza nostra — Sitsiliyadagi jinoiy tashkilot, unga XIX asr boshida asos solingan.

Ko‘proq yangiliklar: