“Farnboro” Xalqaro aviakosmik saloni o‘z ishini boshladi

Fan-texnika 16:47 / 13.07.2016 3380

11 iyul kuni Buyuk Britaniyada “Farnboro” Xalqaro aviakosmik saloni (Farnborough International Airshow) o‘z ishini boshladi. Jahondagi eng nufuzli aerokosmik ko‘rgazmasi sifatida tan olinadigan mazkur tadbir 17 iyulga qadar davom etadi. Aviasalon har ikki yilda bir marta Londondan 55 kilometr janubiy-g‘arbda joylashgan Farnboro shahridagi aeroportda bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma tashkilotchisi Farnborough International Limited kompaniyasi hisoblanadi. Ko‘rgazmada aviatsiya va fazoviy maqsadlarda foydalaniladigan uchuvchi apparatlarning barcha turlari namoyish etiladi. Jumladan, aviatsiya va kosmik apparatlarning dvigatellari, kosmik apparatlar, sun'iy yo‘ldoshlar, aeroportlar uchun jihozlar, aviatsiya texnikalarini ta'mirlovchi jihozlar, tarixiy ahamiyatga molik texnikalar, qurollar, radar va kuzatuv tizimlari xam ko‘rgazmadan o‘rin olgan.

Ilk bor aviashou 1932 yilda o‘tkazilgan edi. O‘shanda London yaqinidagi “Xendon” aerodromida ilk bor havoda parvoz qiluvchi apparatlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan edi. Ilk ko‘rgazmada 13 ta kompaniya o‘zining 30 ta samolyotini namoyish qilgan edi. Avvaliga ko‘rgazmada faqat Buyuk Britaniya kompaniyalari ishtirok etar edi. Keyinchalik xorijiy kompaniyalar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok eta boshladi. Ikkinchi jahon urushi davrida aviasalon o‘tkazilmadi. Urushdan keyin, to‘g‘rirog‘i, 1946-1947 yillarda aviasalon Xartfordshir grafligidagi “Redletta” aeroportida o‘tkazildi. 1948 yildan boshlab esa doimiy ravishda “Farnboro” aeroportida o‘tkazib kelinadi. Ma'lumki, bu aeroport Britaniyadagi qadimiy bo‘lib, undan ilk samolyot 1908 yilda havoga ko‘tarilgan edi. 1948 yilda ko‘rgazma atigi bir hafta davom etdi. O‘sha yili mutaxassislar bilan bir qatorda keng jamoatchilik ilk bor ko‘rgazma faoliyati bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘ldi. 1949 yilda o‘tkazilgan tadbirda ilk bor reaktiv yo‘lovchi de Havilland DH.106 Comet samolyoti namoyish etildi.

1952 yilgi aviashou vaqtida birinchi aviahalokat yuz berdi. Buyuk Britaniyaning de Havilland DH.110 reaktiv qiruvchi samolyoti havoda tomoshabinlar ustida portlab ketdi. Hodisa oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi. Ularning ikki nafari uchuvchi, 29 nafari esa yerda bo‘lgan tomoshabinlar edi.

1962 yildan boshlab ko‘rgazma har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan bo‘ldi. 2000 yilgacha aviasalon sentabr oyida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2000 yildan boshlab iyul oyida o‘tkazila boshlandi. 1966 yilda aviasalon ishida Yevropa kompaniyalari qatnashadi. 1974 yildan boshlab esa ko‘rgazmaga xalqaro maqom berildi. 2010 yilda ekspozitsiyalarning fazoviy sektori kengaytirildi. O‘sha yili ilk bor Boeing 787 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti namoyish qilindi. 2012 yili o‘tkazilgan ko‘rgazmaga 280 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan edi. Aviashou tarixida ilk bor butun dunyodan olib kelingan uchuvchisiz apparatlar namoyish qilindi.

Bundan avvalgi “Farnboro-2014” aviasaloni 14-20 iyulda bo‘lib o‘tib, uning ishida 39 ta mamlakatning 1 ming 500 ta kompaniyasi ishtirok etdi va 179 ta uchuvchi apparat tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi. Ko‘rgazmaga 100 mingdan ortiq tomoshabin keldi. Imzolangan Shartnoma va Bitimlarning umumiy qiymati 152 milliard dollarga yetdi. Bu yilgi “Farnboro-2016” ko‘rgazmasiga 30 mamlakatning 1 ming 200 ta kompaniyasi o‘z mahsulotlari bilan qatnashish niyatini bildirdi. Aviashou xududida 20 ta mamlakatning pavilonlari ishlab turibdi. 50 dan ortiq mamlakatning harbiy delegatsiyalari taklif qilingan.

Fuqoro aviatsiyasi dasturida 26 ta mamlakat delegatsiyasi ishtirok etish niyatini bildirgan bo‘lsa, shouning harbiy qismida 45 dan ortiq mamlakat delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Shuni aytish kerakki, aviatsiya salonining birinchi ish kuni xosiyatsiz bo‘ldi. Kuchli yog‘ingarchilik tufayli ishtirokchilar xavfsiz joyga ko‘chirildi. Noqulay ob-havo tufayli dushanba kuni samolyotlarning namoyishkorona parvozlari bekor qilindi. Shunga qaramay, hafta oxiriga qadar 50-Xalqaro aviakosmik salonga 100 mingdan ortik kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. 
Tadbirda ishtirok etayotgan Boeing va Airbus kompaniyalari vakillarining so‘zlariga qaraganda, yaqin 20 yil mobaynida fuqoro aviatsiyasi samolyotlariga talab ortadi. Boeing ekspertlarining aytishicha, samolyotlarga talab 39,6 mingtani tashkil qiladi. Bu samolyotlarning umumiy qiymati 5,9 trillion dollarga yetadi. Airbus ekspertlari esa esa 33 mingta samolyotga talab tushishi, yangi samolyotlarning narxi 5,2 trillion dollarni tashkil qilishini bashorat qilmoqda.

Sharofiddin  To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: