Ko‘plab oilaviy juftliklar bu hikoyaning boshida o‘zlarini tanishsa ajab emas. Er ishdan charchab keldi va televizor qarshisiga joylashdi. Xotin esa bolalarni uxlashga yotqizmoqchi bo‘ldi, ular esa qaysarlik qila boshlashdi. Bundan jahli chiqqan oila boshlig‘i uyda tinchlik yo‘qligidan g‘azablanib, televizorning ovozini yanada balandlatdi. Bugun ham bolalar yig‘isini eshitmasa bo‘lgani.
Shubhasiz, ayolning bundan jahli chiqdi va u eriga ketma-ket kesatiqlar yog‘dira boshladi. Er-xotin gap talashib, oxiri janjallashib qolishdi. Xotin farzandlari tarbiyasida erining yordam bermayotganiga ishora qilsa, er xotinining kun bo‘yi hech narsa qilmasligini bahona qilib ko‘rsatdi.
Oxir-oqibat ayolning bardoshi tugadi va ko‘zlarida yosh bilan ota-onasinikiga ketib qoldi. Ikki kun o‘tib, u eridan xat oldi.
“Azizim!
O‘sha kuni o‘zimni yomon tutganim uchun meni kechir. Sen ketganingdan keyin sodir bo‘lgan voqeani hamda Ona bo‘lish qanday qiyin ekanligini anglab yetdim.
Bolalarni uxlatishga harakat qildim, to‘g‘risi, buni zo‘rg‘a uddaladim. Ertalab uyga qaytmaganingni ko‘rib, ishdan ruxsat so‘rashga va har kuni sen qilgan ishlarni bajarishga to‘g‘ri keldi. Har daqiqada qandaydir ish chiqib turadi, hattoki o‘tirishga vaqt bo‘lmadi.
Men ovqat tayyorladim, bolalarning qornini to‘ydirdim, ularni kiyintirdim, keyin kiyimlarini almashtirdim, birga o‘ynadim va uylarni yig‘ishtirdim. Bularning barchasini bir vaqtning o‘zida bajarishga to‘g‘ri kelgan paytlar ham bo‘ldi.
Kun bo‘yi uyda bo‘lganim uchun 10 yoshdan katta bo‘lmagan biror kimsa bilan muloqot qilishga imkon bo‘lmadi. Men sening shuncha narsadan voz kechib, qanday qurbonliklarga borishingni endi tushunib yetdim.
Ikkinchi kun ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha kechdi. Men ilk marotaba ikki kun va bir tun sensiz yashadim. Shu vaqt ichida ko‘p narsani anglab yetdim.
Nihoyat, sening bir kun ichida qanchalik charchashingni tushundim. Eng asosiysi, Ona bo‘lish – bu doimo o‘zini qurbon qilish ekanligini angladim. Bu 10 soat idorada ishlagandan ko‘ra qiyinroq ekan.
Men yana shuni anglab yetdimki, ona bo‘lish – dunyodagi eng mas'uliyatli ish! Biroq afsuski, buni hech kim qadrlamaydi va eng achinarlisi – minnatdor ham bo‘lmaydi...
Bu xatni shunchaki uzr so‘rash yoki sog‘inganimni bildirish uchun yozganim yo‘q. Bundan buyon har kuni senga naqadar aqlli va dono ayol ekanligingni aytishni istayman. Sen juda ham dadilsan, butun oilamizning farovonligi senga bog‘liq.
Men sen bilan faxrlanaman!”