Toshkentda 8 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha mamlakat chempionatiga saralash musobaqasi boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan mazkur sport turini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash maqsadida tashkil etilgan musobaqada saksondan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etmoqda.
Shveytsarcha tizimda yetti turdan iborat musobaqada o‘z guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan shaxmatchilar shu yilning dekabr oyida o‘tkaziladigan mamlakat chempionatining yarim final bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida navoiylik Sherali Ravshanov poytaxtlik Alisher Umrzoqovni, toshkentlik Muhammadzohid Suyarov navoiylik Umid Abdumurodovni, toshkentlik Shamshodbek Toshtemirov Toshkent viloyatidan Shahina Olimovani yengib dastlabki ochkoni qo‘lga kiritdi. Yana yetti shaxmatchi birinchi partiyani o‘z foydasiga hal qildi.
O‘n yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida o‘n ikki shaxmatchi raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sakkiz shaxmatchi dastlabki g‘alabasini nishonladi.
Birinchi turdagi yagona durang o‘n to‘rt va o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar guruhida qayd etildi. Poytaxtlik Mehriniso Ibrohimova va navoiylik Behruz Omonov ilk partiyada o‘zaro durang o‘ynadi. Ushbu guruhda to‘qqiz shaxmatchi bir ochkoni qo‘lga kiritdi.