KXDR TIV: AQSh va Janubiy Koreya harakatlari Osiyodagi xavfsizlikka tahdid solmoqda

Jahon 11:08 / 12.07.2016 6842

KXDR Osiyo mamlakatlarini Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya harakatlarini diqqat bilan kuzatib turishga chaqirmoqda. Bu haqda, KXDR TIVning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari departamenti bosh direktori Tsoy Xi Chxol bayonot bergan. Shimoliy Koreya bosh telegraf agentligining xabariga ko‘ra, u Laos, Kambodja, Malayziya, Indoneziya, Eron, Hindiston, Vetnam va Pokiston davlatlarining Pxenyandagi elchilari bilan uchrashuvda shu haqda fikr yuritgan. 

Diplomat AQSh Moliya vazirligining "KXDR oliy rahbariyati g‘ururini poymol qiluvchi" sanksiyalar joriy qilishini "ochiq urush e'lon qilish" deb baholagan. 

Shunga ko‘ra, uning fikricha, AQSh o‘zaro ziddiyatlarda "qizil chiziqni bosib o‘tgan". Bunday sharoitda, Tsoy Xi Chxolga ko‘ra, 7-iyul kuni KXDR TIV AQSh ma'muriyatini "barcha diplomatik aloqa kanallarini yopish rejasidan ogohlantirib, mazkur sanksiyalar zudlik bilan so‘zsiz bekor qilinmas ekan, qat'iy qarshi choralar ko‘rishini bildirgan edi".

Shu bilan birga, shimoliy koreyalik diplomatning aytishicha, KXDR va qo‘shni mamlakatlarning keskin qarshiligiga qaramay, Janubiy Koreyaning AQSh hamkorligida o‘z hududida THAAD RQM tizimlarini joylashtirishga qaror qilgani, "Koreya yarimorolidagi keskinlikning kuchayishiga sabab bo‘ladi". 

Tsoy Xi Chxol Osiyo mamlakatlarini "AQSh siyosatini diqqat bilan kuzatib borishga, uni qo‘llab-quvvatlamaslikka hamda mintaqaviy ziddiyatlarni kuchaytiruvchi harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqirgan".

Ko‘proq yangiliklar: