O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi yangi tahrirdagi Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari loyihasini muhokama uchun e'lon qildi. Amaldagi qoidalar 2009 yilda kuchga kirgan edi.
«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, hujjatdagi asosiy o‘zgarishlardan biri alohida paragrafning qo‘shilishi bo‘lib, unda bir yoki bir necha operatorlarga xizmat qiluvchi dilerlarning huquq va majburiyatlari keltirib o‘tilgan.
Qoidalar loyihasida operatorlar o‘z saytlarida dilerlar ro‘yxati, ular va xizmat ko‘rsatish puktlarining manzillarini taqdim etishi majburiy ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Dilerlar qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan taqdirda, ular bilan tuzilgan shartnomani buzishgacha bo‘lgan majburiyatlar ko‘zda tutilgan.
Hujjatda operatorlar tomonidan alohida pulli xizmatlar uchun abonentlardan ularning pulli ekani to‘g‘risida dastlabki ogohlantirishsiz mablag‘ olingan taqdirda, mazkur harakat ko‘rsatilmagan xizmat uchun pul olinganlik bilan tenglashtirilishi belgilangan.
Operatorlarga abonentlarni pulli yoki imtiyozli daqiqa, SMS, internet trafik va boshqa SMS yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmatlar, shuningdek, abonentlarning USSD-talabi orqali taqdim etiladigan USSD-xabarlar tugagani to‘g‘risida ogohlantirish majburiyati ham yuklatilmoqda. Abonentga bu kabi ma'lumotlarni taqdim etish SMS yuborish yoki operator call-markazidan qo‘ng‘iroq qilish orqali bepul taqdim etiladi.
Har bir trafik yo‘nalishi bo‘yicha jo‘natilgan yoki qabul qilingan ma'lumotlar trafikatsiyasi birligi har bir internet-sessiyasi alohida hisobga olingan holda 15 kb dan ortiq bo‘lmagan holda belgilash taklif etilmoqda.
Abonentlarning operatorga murojaatini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirish taklif etilmoqda. Zarurat tug‘ilgan taqdirda esa materiallarni o‘rganish muddati bir oygacha uzaytirilishi mumkin.
Abonentlarga ommaviy SMS, spamlar yuborish, firibgarliklarga, shuninglek, abonent raqamlaridan noqonuniy foydalanishlarga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklash ham taklif qilinmoqda.
Operatorlarni abonent ma'lumotlari o‘zgarganligi to‘g‘risida ogohlantirish muddatini 30 kundan 15 kunga qisqartirish ham o‘zgarishlardan o‘rin olgan.
Qoidalar loyihasida abonentning operatorga shartnoma buzilganda avans sifatida taqdim etilgan pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risida murojaat qilgan taqdirda, operator qoldiq mablag‘ni 15 ish kunida qaytarishi majburiyati aniqlashtirildi (amaldagi qoidalarda muddat belgilanmagan).