O‘zbekiston Respublikasi olimpiya zaxiralari tennis maktabi bazasida 15-17 iyul kunlari Devis Kubogi musobaqasi doirasida Osiyo va Okeaniya hududi guruh bosqichida O‘zbekiston va Xitoy termalari o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tadi. G‘olib bo‘lgan jamoa Jahon ligasiga yo‘llanma oladi. Bu haqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jamoaviy bahslarda ushbu ikki terma sakkiz marta uchrashgan. Umumiy hisob O‘zbekiston foydasiga - 5:3.
O‘zbekistonliklar bu yilgi qur'a bo‘yicha start turini o‘tkazib yuborishdi. Bu bir tomondan terma jamoa foydasiga ijobiy holat bo‘ldi, biroq ikkinchi tomondan jamoaviy bahslarda yetarli tajriba to‘plashga ikmon bermadi. Terma jamoa tarkibida eng ko‘p bosim Denis Istomin (116) va Farrux Do‘stov (222) kabi tennischilarga tushishi aytilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Sanjar Fayziyev (578) va Jo‘rabek Karimov (754) ham bahslarda kurash olib boradi.