Kuvayt xavfsizlik xizmati, amirlikda istiqomat qilayotgan uch nafar pokistonlikni chiqarib yuborgan. Ular, o‘tgan haftada Saudiya Arabistoni Jidda shahrida, Amerika bosh konsulligi qarshisidagi shifoxona avtoturargohida o‘zini portlatib yuborgan xudkush terrorchining qarindoshlari ekani aniqlangan, deb yozmoqda Kuvaytning "Al-Kabas" nashri.
Asli pokistonlik terrorchi 4 iyulga o‘tar kechasi politsiya xodimlari yaqinlashayotgan vaqtda o‘zini portlatib yuborgan edi. Buning oqibatida, 2 nafar huquq-tartibot idorasi xodimi jarohatlangan.
Bundan tashqari, nashrning yozishicha, xorijliklarga yashash uchun ruxsatnoma berish boshqarmasidan, qabul qilish choralarini kuchaytirish va ayrim osiyolik millat vakillarining murojaatini rad etish talab etilgan.
Saudiya Arabistoni xavfsizlik xizmatlari, podshohlikning turli hududlarida sodir etilgan qo‘poruvchiliklardan so‘ng, 19 kishini hibsga olgan, ularning 12 nafari pokistonlik ekani xabar qilingan.
Teglar: Kuvayt, Saudiya Arabistoni, qo‘poruvchilik, xudkush-terrorchi