«MYu» Pogbaning agenti bilan shaxsiy shartnoma xususida kelishib oldi

Sport 16:29 / 11.07.2016 4641

«Yuventus» jamoasining fransiyalik yarim himoyachisi Pol Pogba «Manchester Yunayted»ga qaytishi oydinlashmoqda. Angliya klubi futbolchining agenti bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, Pogbaning manfaatlarini himoya qiluvchi agent Mino Rayola Zlatan Ibrahimovichning Manchesterga kelishi jarayonida ishtirok etdi. 

Manchester Evening News xabariga ko‘ra, Rayola shartnomaga rozi bo‘lgan.

Endilikda fransiyalik futbolchi qaror qabul qilishi kerak. Unda buning uchun 1 hafta bor. Rayola Polni ko‘ndirishga va'da qilgan.

Bundan oldinroq, «Manchester Yunayted» Pogba uchun 110 million yevro to‘lashga rozi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Unga «Real» jamoasi ham da'vogarlik qilayotgandi. Lekin kecha madridliklar jamoasi bu futbolchi uchun kurashdan chiqdi.

Ma'lumot uchun, 2011-2012 yillarda Pogba «Manchester Yunayted» jamoasida o‘ynagan, keyin erkin agent sifatida «Yuventus»ga o‘tib, bu jamoa bilan 4 marta Italiya chempioni (2013-2016) bo‘ldi. U shuningdek, turinliklar safida 2 marta Italiya Kubogini (2015, 2016) va 2 marta Italiya Superkubogini (2013, 2015) qo‘lga kiritdi.

O‘tgan mavsumda 23 yoshli yarim himoyachi klubi safida 49 uchrashuvda maydonga tushib, 10ta gol urgan va 16ta golli pas muallifi bo‘lgan.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: