Buyuk Britaniya moliya vaziri Jorj Osborn mamlakat Yevroittifoqdan to‘liq chiqqandan so‘ng biznes uchun yanada ochiq bo‘ladi va o‘z savdo siyosatini mustaqil belgilay oladi, deb hisoblaydi. Bu haqida u The Wall Street Journal'dagi maqolasida ma'lum qilgan.
"Biz YeI bilan erkin savdoni yo‘lga qo‘ygan edik, endi esa uni butun dunyo miqyosida amalga oshirmoqchimiz", - deb yozgan Osborn.
Moliya vaziri Britaniyaning Brexit'dan keyin jahon iqtisodiyotiga kamroq jalb qilinishi haqidagi fikrni inkor etdi, aksincha, Birlashgan Qirollik endi o‘z e'tiborini tashqi aloqalar va global jarayonlarga qaratishini hamda mamlakatning "butun dunyo bo‘ylab do‘stlari va ittifoqdoshlari" bilan aloqalarini mustahkamlash imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonchi komil ekanligini bildirdi.
Uning fikricha, ishni Shimoliy Amerika bilan uzviy iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan boshlash lozim. Osborn AQSh kongressi Vakillar palatasining spikeri Pol Rayan bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga doir muzokaralarni o‘tkazib bo‘lgan, bu haftada esa u mamlakatning moliya vaziri Jyeykob Lyu bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Shuningdek Osborn milliy infratuzilmaga investitsiyalar jalb qilish va yirik shaharlardan tashqarida yangi ish o‘rinlarini yaratish zarurati to‘g‘risida yozgan.