Portugaliya terma jamoasi Fransiya jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan Yevropa chempionatining final o‘yini o‘tkazilayotgan bir vaqtda Parij va Sen-Denida jamoat tartibini buzganlik uchun taxminan 40 kishi qo‘lga olindi. Bu haqida Parij politsiyasi ma'lumotlariga asoslanib, TASS agentligi xabar berdi.
Poytaxt politsiya boshqarmasi xabarlariga ko‘ra, aksariyat qoidabuzarlar Eyfel minorasi yaqinidagi fan-zonada qo‘lga olingan. Bu yerda final o‘yini boshlanishiga bir bahya qolganda bezorilarning politsiya bilan to‘qnashuvlari avjiga chiqa boshladi. Qiziqqon yoshlar oldindan to‘lib bo‘lgan fan-zona hududiga kirishga harakat qilishdi.
Bezorilar huquq-tartibot xodimlariga qarata shisha butilkalar va og‘ir jismlarni otishdi. Politsiya xodimlari hujumga javoban ko‘z yosh sizdiruvchi gazni qo‘llashga majbur bo‘lishdi. Bu jiddiy tutun buruqsishiga olib keldi, ammo shu yo‘l bilan bezorilar to‘dasini tarqatishga muvaffaq bo‘lindi.
Tartibsizliklar chog‘ida 2 kishi o‘tib ketayotgan avtomobil g‘ildiragi ostida qolib jabrlandi, ulardan biri shifoxonaga yetkazildi. Politsiya tomonidan jabr ko‘rganlar haqida esa ma'lumot yo‘q.
Politsiya prefekturasi ma'lumotlariga ko‘ra, yana bir necha futbol muxlisi Sen-Denidagi final o‘yini o‘tkazilayotgan Stade de France maydoniga kiraverishda qo‘lga olingan. Qoidabuzarlar bezorilik va noqonuniy savdo harakatlari tufayli javobgarlikka tortildi.
Shuningdek o‘yin paytida futbol fanatlari bir necha avtomobillarni yoqib yuborgani haqida ham ma'lum qilindi. Final o‘yini davomida Eyfel minorasi hududidagi to‘qnashuvlar tinmadi, o‘yin tugaganidan so‘ng esa Yelisey dalalarida davom etdi.
Portugaliya terma jamoasi turnir egalari bo‘lgan fransuzlarni Ederning qo‘shimcha vaqtdagi yagona goli hisobiga mag‘lub etib, final o‘yinida 1:0 hisobini qayd etishdi. Bu Portugaliya uchun Yevropa turniridagi ilk g‘alabadir.
Teglar: Parij, Eyfel minorasi, Sen-Deni, qoidabuzarlik, tartibsizlik, politsiya, muxlislar, final o‘yini