Andijonda “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi targ‘ibot tadbirlari boshlandi

O‘zbekiston 13:01 / 11.07.2016 11200

Istiqlolni sharaflovchi, bugungi tinch va farovon hayot qadrini anglatuvchi bir biridan mazmunli, serzavq tadbirlarning yana biri bugun Bobur zaminiga yetib keldi. “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mazmunidagi  uchrashuvlarda ishtirok etish uchun poytaxtdan san'at namoyandalari tashrif buyurdilar.

11-16 iyul kunlari Andijon viloyatida respublikamizning taniqli madaniyat va san'at namoyondalari, shoir, yozuvchi, olimlari ishtirokida Mustaqilligimizning 25 yilliga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi.

Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar shiddat bilan rivojlanib borayotgan yurtimizda aholi, ayniqsa yoshlarni umumbashariy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli mafkuraviy, ma'naviy tahdidlardan ishonchli himoya qilish, g‘oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Kecha mehmonlar Farg‘ona viloyati Quva tumani hamda Andijon viloyati Asaka tumani chegarasida katta shodiyonalik bilan kutib olindilar. Milliy liboslarda, gullarga burkangan qizlar, saf tortgan yigitlar, mahalla vakillari intiqlik bilan mehmonlarga peshvoz chiqdilar. Karnay, surnay sadolari chor atrofga hamjixatlik, ahillik hukm surayotgan diyorda yana to‘y-tantanadan darak berdi.

Andijon viloyatidagi tadbirlar 14 ta tumanda, ya'ni Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘z, Jalolquduq,Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Ulug‘nor, Xo‘jaobod, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa, Andijon tumanlari hamda Xonobod va Andijon shaharlarida o‘tkaziladi.

Bugun viloyat hokimligida ushbu tadbir yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda targ‘ibot guruhi a'zolari, viloyatda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanni Andijon viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov ochib, tadbirning mazmun-mohiyati va uning tashkiliy jihatlariga to‘hatilib o‘tdi. Shundan so‘z olgan O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi ijodkor yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Jamoldin Uzoqov  matbuot xodimlaridan joylarda o‘tkaziladigan har bir tadbirni yoritish jarayoniga ijodiy yondashish, aholi, ayniqsa yoshlarning ko‘tarinki kayfiyati, shukronalik hissini viloyat va markaziy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish masalalariga alohida e'tibor berishlariga to‘htalib o‘tdi. O‘zbekistonda xalq artisti Gavhar Zokirova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurayim Abduvahobovlar ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Shundan so‘ng targ‘ibot guruhi a'zolari tadbirlarni o‘tkazish uchun tumanlarga yo‘l oldi.

Elmurod ERMATOV, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: