Janubiy Sudan markazidagi to‘qnashuvlar tufayli 270dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Jahon 16:35 / 10.07.2016 7308

Janubiy Sudan poytaxti Juba shahrida ro‘y bergan to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 272 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqida Reyter agentligi hukumatdagi manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Bundan avvalgi xabarlarda Janubiy Sudandagi hukumat kuchlari va muxoliflar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 150 dan ortiq odam halok bo‘lgani aytilgandi. Qurbonlar orasida tinch aholi vakili bo‘lgan 33 kishi borligi aytilgandi.

Agentlik ma'lumotlariga qaraganda, 8 iyul kuni mamlakat prezidenti Salva Kiir va Mashar o‘rtasida prezident qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan muzokaralar davomida otishma yuzaga kelgan. Bundan tashqari, armiya kazarmalari joylashgan Gudel va Jyebel tumanlarida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Janubiy Sudan 2011 yili Sudandan ajralib chiqqandi. 2013 yil dekabrida Salva Kiir qo‘zg‘olonchilarning sobiq yetakchisi, o‘zining o‘rinbosari Riyek Masharning lavozimidan bo‘shatishi Janubiy Sudanda mojaro kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ikki siyosatchi o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli ularning tarafdorlari, ikki xil millat vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi tezlik bilan avj oldi. Buning natijasida 10 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 2,2 million aholi qochqinga aylandi.

2015 yilning avgustida tomonlar sulh tuzishgandi. Shu yilning yanvar oyidan boshlab ular milliy birlik o‘tish hukumati tuzishga kelishib oldi. 26 aprel kuni Mashar vitse-prezident lavozimiga qayta o‘tish uchun mamlakat poytaxti Juba shahrida qasamyod keltirdi.

28 aprel kuni prezident hukumatning yangi tarkibini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Kiirning partiyasi Mudofaa va Moliya vazirliklarini, Mashar tarafdorlari esa Ichki ishlar vazirligi va neft ishlarini boshqaradi. Qolgan muxolifatchilar Tashqi ishlar vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirliklarini boshqaradi. Yangi mahkama 24 iyun kuni qasamyod qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: